Ijtimoiy dorixonada tibbiy preparat va vositalarning narxi qancha farq qiladi??
Ijtimoiy dorixonalarning asl maqsadi – fuqarolarni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish. Ya’ni, kuchli kimyoviy dorilar o‘rniga bevosita o‘zimizda o‘sadigan giyohlardan tayyorlangan malhamlarni muntazam iste’mol qilishga o‘rgatish. Shu maqsadda ayni paytda shifoxona, sanatoriy va oilaviy poliklinikalarda, QVPlarda shunday dorixonalar ochilgan. Ularda hozircha 152 turdagi ijtimoiy ahamiyatga molik dori vositalari sotilmoqda.
Darvoqe, tog‘li qishloqlarda jadval asosida ko‘chma dorixonalar tashkil etiladi. Misol uchun, Toyloq tumanidagi bu ish "Samarqand dori-darmon" AJga qarashli 17-son ijtimoiy dorixona orqali amalga oshiriladi.
– Tumanda 12 ta ijtimoiy dorixona bor, – deydi muassasa mudiri Tursunmurod Xudoyqulov. – Ulardagi narxlar boshqalardagiga qaraganda bir muncha arzon. Bundan tashqari, biz dorivor o‘simliklardan ko‘proq foydalanish yuzasidan targ‘ibot ishlari olib boryapmiz.
Ijtimoiy dorixona narxlarini kuzatar ekanmiz, eng ko‘p foydalaniladigan shpritsning narxi 190 so‘mdan 270 so‘mgacha belgilangan. Bu boshqa dorixonalarga nisbatan arzonroq. «Lineks» dorisi 18 522 so‘m bo‘lsa, boshqa dorixonalarda 20 000 so‘m atrofida sotilmoqda. Bu aholiga yengillik yaratib, chekka qishloqlardan ham xaridorlar kelishini ta’minlamoqda.
– Tuman markaziy poliklinikasi hududida 5-6 ta dorixona bor, – deydi Sariosiyo mahallasida yashovchi Abdusalom O‘rinov. – Barchasining narxlari turlicha. Ijtimoiy dorixonalarning narxi biroz hamyonbop. Shuning uchun uzoq bo‘lsa ham, shu yerga kelib, kerakli dorilarni xarid qilamiz. Shuningdek, kerakli dorilarning aksariyatini shu yerdan topish mumkin.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatimizning shahar, tuman markazlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari qoshidagi oilaviy poliklinikalar, qishloq oilaviy poliklinikalari, qishloq vrachlik punktlari va boshqa aholiga qulay bo‘lgan joylarda "Samarqand dori-darmon" AJga qarashli 220 ta ijtimoiy dorixona faoliyat yurityapti. Shuningdek, dorixona mavjud bo‘lmagan chekka va uzoq hudud aholisini sifatli va arzon dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash maqsadida 11 ta "Damas" avtomashinalarining ko‘chma dorixona shoxobchalari hamda 1 ta "Isuzu" rusumli yuk mashinasidagi ko‘chma dorixona beminnat xizmat qilyapti.
Dorixonalarning barchasi "Samarqand dori-darmon" AJga qarashli ekan. Viloyatimizda faoliyat yuritayotgan boshqa dorixonalar ijtimoiy dorixona maqomiga mos emasmi? Yoki ular Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 mayda tasdiqlangan nizomi talablariga javob bermaydimi?
Raqobat bor joyda yuksalish bo‘ladi. Shunday ekan, aholining ijtimoiy qatlamiga yengillik yaratish uchun faqatgina bir korxonaning emas, balki boshqa xususiy dorixonalar faoliyatini ham jalb etish lozim. Ijtimoiy dorixonalarning ko‘payishi aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltiribgina qolmay, ularni arzon, sifatli dori vositalari bilan ta’minlaydi.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.
SAMARQAND ShAHRIDAGI “SAMARQAND DORI-DARMON” IJTIMOIY DORIXONALARI MANZILLARI:
Viloyat stomatologiya poliklinikasi: Ozod sharq ko‘chasi, 10 uy.
Samarqand shahri KTMP: Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi, 1-"a" uy
Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi, 17 uy.
3-oilaviy poliklinikasi: G‘iyosiddin jamshid ko‘chasi, 21 uy.
Beruniy ko‘chasi, 16-"a" uy.
8-oilaviy poliklinikasi: Spitamen Shoh ko‘chasi, 207 uy.
Samarqand VBKTM: G‘iyosiddin ko‘chasi.
5- oilaviy poliklinikasi: Bog‘dod ko‘chasi, 39 uy.
10- oilaviy poliklinikasi: Kimyogarlar qo‘rg‘oni, 29 daha, 91 uy.
Viloyat perinatal markazi: Sug‘diyona massivi, Ali Qushchi ko‘chasi, 3-uy
1-son bolalar shifoxonasi: Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi.
Viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi: Dahbed ko‘chasi, 97-uy
Shahar tibbiyot birlashmasi (markaziy shifoxona): Alisher Navoiy shoh-ko‘chasi.
Viloyat onkologiya dispanseri: Amir Shohmurod ko‘chasi.
Viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasi: Merb ko‘chasi 73-"a" uy.
Nogironlar mintaqaviy reabilitatsiya markazi: Xo‘ja Ahror Vali ko‘chasi, 28-uy.
6- oilaviy poliklinikasi: Jo‘raqulov ko‘chasi.
6- oilaviy poliklinikasining 1-son filiali: Farhod qo‘rg‘oni.
Beruniy ko‘chasi, 144-A uy.
Gagarin ko‘chasi, 134 uy
Samarqand viloyati skrining markazi: Ali Qushchi ko‘chasi, 19/82 uy.
Sartepa maskani, 149-"a" uy.
Samarqand shahri 2-OP: O‘zbekiston ko‘chasi.
Maxdumi A’zam ko‘chasi, 2 uy.
Samarqand shahri 9-oilaviy poliklinikasi: Spitamen shoh ko‘chasi, 207 uy.