Ijtimoiy munosabatlar aniqlanishi, muammolar o‘rganilishi, turli qarashlar inobatga olinishi hamda ilmiy asoslanishi kerak
Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash biz bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni ekanligi zamirida katta ma’no bor. Bu bejiz emas. Chunki qonun ustuvor bo‘lgan davlatda demokratik qadriyatlar qaror topadi va mustahkam boshqaruv amal qiladi. Qonun ustuvorligini ta’minlash esa oson jarayon bo‘lmay, bir qator muhim ishlar va chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi. Buning uchun eng avvalo, har qanday qonun hujjati yaratilishidan oldin mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari chuqur anglanishi, davlat va jamiyat taraqqiyoti rivojlanishi yo‘lida qo‘yilgan vazifalar aniq idrok qilinishi lozim.
Jamiyatda tartibga solinmagan ijtimoiy munosabatlarning aniqlanishi, fuqarolarning muammolari o‘rganilishi, muhokama va munozaralarga sabab bo‘layotgan turli qarashlar inobatga olinishi hamda ilmiy asoslanishi kerak. Davlat organlarida qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish bilan bog‘liq jarayonlarda ochiqlikni ta’minlash, loyihalarni keng muhokama qilish, uni tegishli huquqiy ekspertizalardan o‘tkazish muhim omillardan biri sanaladi.
Har qanday qonun hujjati faqat Konstitutsiyada belgilangan norma, qoida va prinsiplar asosida ishlab chiqilishi va qabul qilinishi, idoraviy va ichki me’yoriy hujjatlar qabul qilishni keskin kamaytirish, qonun hujjatlarida inson huquq va erkinliklarini turlicha talqin qilishga olib keladigan havolaki normalar kirishining oldini olish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan qoidalar yaratilishi muhim omillardan sanaladi.
Qonun hujjatlari loyihalari keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doira va mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazilishi, ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi lozim. Shuningdek, har qanday davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari maqomini yanada oydinlashtirish, ularning faqat qonunchilikda belgilangan vakolatlari doirasiga kiradigan masalalar bo‘yicha qonun hujjatlarini qabul qilishga erishish maqsadga muvofiq.
Har bir kishida norma ijodkorligi qobiliyatini rivojlantirish, fikrlarni erkin bayon qilish muhitini shakllantirish, har qanday g‘oya va qarashlarni hurmat qilish, uni rag‘batlantirish, ilm-fan natijalari, olimlarning ilmiy xulosa va takliflaridan unumli foydalanish, qonun hujjatlarini yaratishning institutsional tizimini yo‘lga qo‘yish lozim.
Amaldagi qonunchilikni xatlovdan o‘tkazish, umumlashtirish, kodekslarga jamlashga keng yo‘l berish, qonunchilik jarayonini takomillashtirish, qonun hujjatlarini ijro qilish mexanizmlarini yanada rivojlantirish, ularni keng jamoatchilikka o‘z vaqtida yetkazishda zamonaviy axborot kommunikatsiyalarini joriy qilish, mansabdor shaxslarning qonun hujjatlarini sharhlash va talqin qilish qobiliyati hamda ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish ijobiy natija va samara berishi mumkin.
Shu o‘rinda yana bir narsani alohida ta’kidlash kerakki, ayni paytda ko‘plab qonun hujjatlari, farmon va qarorlar keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, ularning fikr-mulohazalari inobatga olinayapti. Ko‘plab qonunosti hujjatlar bekor qilindi. Buning natijasida jamoatchilik nazorati shakllanmoqda.
Bugungi kunda davlatimizda 728 ta qonun, Oliy Majlis palatalarining 423 ta qarori, Prezidentning 2538 ta farmoni, 2699 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 10245 ta qarori va 1895 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjati qabul qilingan. Yil boshidan buyon esa O‘zbekiston Respublikasida 40 ta qonun, Oliy Majlis palatalarining 43 ta qarori, Prezidentning 48 ta farmoni va 36 ta qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 432 ta qarori qabul qilindi.
Qonunchilik jarayoniga yangi “Tartibga solish gilotinasi” tushunchasi kirib keldi. Unga ko‘ra, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish va qayta ko‘rib chiqish orqali ularni saralash, tasdiqlash, o‘zgartirish yoki bekor qilinadi. Yuridik ta’siri past hisoblangan har qanday tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni maksimal darajada soddalashtirish “tartibga solish gilotinasi”ning asosiy tamoyillaridan hisoblanadi. Shunga ko‘ra, qonun hujjatlarini xatlovdan o‘tkazish orqali, ularni bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan uyg‘unlashtirish maqsadida Adliya vazirligi taklifi asosida 2,5 mingga yaqin eskirgan, byurokratik g‘ov yaratayotgan qonun hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotadi.
2021 yil 1 iyunga qadar mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlarini, eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlarni bekor qilish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatgan holda, tizimlashtirish va ularni O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga kiritish, normativ-huquqiy hujjatlarni bazaga avtomatik tarzda joylashtirish mexanizmini joriy etish ishlari amalga oshiriladi.
Prezidentimizning joriy yil 24 yanvarda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ko‘tarilgan “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash” g‘oyasi nafaqat davlat boshqaruvini to‘g‘ri tashkil etishga, balki inson huquq va erkinliklarini amalda ta’minlash, odamlarda kelajakka ishonch hissini kuchaytirish, demokratik qadriyatlarni keng joriy etish, davlat va jamiyat boshqaruvida har bir kishining ishtirok etishiga imkon yaratish, muammolar yechimini ko‘rsatib beradigan qonun hujjatlarini qabul qilish, huquqiy davlat poydevorini yanada mustahkamlash, mamlakatimiz o‘z zimmasiga olgan xalqaro-huquqiy majburiyatlarini vijdonan bajarishi va uning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Gulnora XUDAYBERDIYeVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.