Ijtimoiy sheriklikni samarali ta’minlash uchun nima qilish kerak? Bu borada Germaniya tajribasi bizga qanday naf beradi?

Ijtimoiy sheriklik nima? Uning sub’yektlari kimlar? Ijtimoiy sheriklik sohasida qabul qilingan qonunlar xalqaro standartlar talabiga javob beradimi? Bu borada Germaniyadan nimalarni o‘rganish, o‘zlashtirish mumkin? Nemis mutaxassislari bilan ta’lim, sog‘liqni saqlash bandlik sohasida qanday tajribalarni o‘rtoqlashish mumkin?

Samarqand shahrida “O‘zbekistonda ta’lim, sog‘liqni saqlash va bandlik sohasida mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat organlari va tashkilotlari bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish  organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni samarali ta’minlashga ko‘maklashish” mavzusidagi tadqiqot-eksperiment loyihasi doirasida boshlangan o‘quv-seminarda shu kabi savollarga javob izlandi.

O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy-huquqiy tadqiqotlar markazi” nodavlat notijorat tashkiloti va Germaniyaning Konrad Adenauer nomidagi fondning O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda dastlab shu mavzulardagi mavjud loyihalarning maqsad va vazifalari xususida so‘z yuritildi.

Tadbirda “Zoom” platformasi orqali germaniyalik ekspertlar va mutaxassislar ham ishtirok etmoqda.

Seminar 17 iyunga qadar davom etadi.