Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan “To‘dako‘l sohilidan yirik mavjudot topildi” mavzusidagi axborotiga rasmiy munosabat
Navoiy viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi “To‘dako‘l sohilidan (Navoiy viloyati) yirik mavjudot topildi” mavzusidagi axborotga quyidagi ma’lumotlarni ma’lum qiladi:
Bu xabar haqiqatga zid. Rasmdagi baliq kamarbaliq yoki “Seldlar qiroli” deb ataladi. Tinch, Atlantika va Hind okeanlarining issiq, o‘rtacha issiq va mo‘’tadil suvlarida, asosan tropik mintaqada va O‘rta yer dengizi havzasida, shuningdek, Shimoliy-Sharqiy Atlantikada – Islandiya suv havzalarida va Shimoliy dengizda, 500-700 metr, ba’zan 1000 metr chuqurliklarda uchraydi.
Uning uzunligi 3 metrgacha boradi. Iste’mol qiladigan ozuqa turiga ko‘ra, kamarbalig‘i yirtqich – planktofagadir: uning ozuqasida kichik plankton qisqichbaqasimonlar, mayda baliqlar va kalmarlardir, shuningdek, seldlar bilan ham oziqlanadi. Yelka suzgichining uzunlashgan tomonidan hosil bo‘lgan boshining ustidagi «toj» tufayli bu baliq «Seldlar qiroli» degan nomni ham olgan.
“Seldlar qiroli” odatda, tanasini tik qilib, boshi yuqoriga ko‘tarilgan holatda suzadi. Shu bilan birga uning zichligi suvnikidan kattaroq bo‘lgani sabab u o‘z tanasini cho‘kishdan saqlab, bir maromda ushlab turadi va uzun yelka suzgichining to‘lqinsimon harakatlari natijasida asta-sekin yoniga siljiydi.
“Seld qiroli”ni ovlash iqtisodiy ahamiyatga ega emas. Uning go‘shti iste’molga yaramaydi. U faqat baliqchilik sporti ob’yekti sifatida alohida qiziqish uyg‘otadi.
Navoiy viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.