Ikki yil oldin pensiyaga chiqish mumkin, qachonki...
- Yoshim 58 da. Ish stajim 27 yil. Korxonamizdagi lavozimim qisqarganligi sababli Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 1-bandiga asosan ishdan bo‘shatildim. Menga muddatidan oldin pensiya tayinlanishi mumkinmi?
I.Beknazarov.
- Ha, mumkin.
2020 yil 20 oktyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunining 49-moddasida “Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyati o‘zgarishiga olib kelgan ish hajmlari qisqarganligi yoxud tashkilot tugatilganligi munosabati bilan bo‘shatilgan, ishsiz deb e’tirof etilgan, qonun hujjatlariga muvofiq pensiyaga chiqish uchun talab etiladigan umumiy mehnat stajiga ega bo‘lgan shaxslarga muddatidan oldin (qonun hujjatlarida belgilangan umumiy asoslarga ko‘ra pensiya tayinlash muddatidan ikki yil avval) pensiyaga chiqish huquqi beriladi” deb qayd etilgan.
Ya’ni, ayollar 53 yoshga, erkaklar 58 yoshga kirgan bo‘lsa va talab etiladigan ish stajiga ega bo‘lsa hamda ishsiz deb e’tirof etilgan bo‘lsa, bunday shaxslarga pensiya muddatidan oldin tayinlanadi.
Faqat shuni ham hisobga olish lozimki, lavozimi qisqartirilgan, 53 yoshga kirmagan ayollar va 58 yoshga kirmagan erkaklarga qonunchilikda bunday huquq berilmagan.
Savolga huquqshunos U.Kamilov javob berdi.