Ilm-fan mablag‘ni bilim va g‘oyalarga aylantirsa, innovatsiyalar bilim va g‘oyalarni mablag‘ga aylantiradi
Mamlakatimizni innovatsion va ilmiy-texnik rivojlantirish sohasida hamda intellektual va texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish orqali mamlakatimiz iqtisodiy qudratini oshirishga harakat qilinmoqda. Ayni sohani davlat tomonidan boshqarish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligining tashkil etilgani katta qadamlardan biridir.
Innovatsiya jarayoni asosan intellektual faoliyat natijasiga nisbatan huquqlarning vujudga kelishi va ularni amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlar hisoblanadi. Ya’ni, innovatsiya fuqarolik-huquqiy qonunchilik bilan tartibga solinadi. Shunga ko‘ra, kundalik huquqiy muomalaga innovatsiya, degan tushuncha kirib keldi.
“Innovatsiya” atamasi lotincha “novatio” so‘zidan olingan bo‘lib, “yangilanish” (o‘zgarish), “in” qo‘shimchasi esa lotinchadan “kiritish”, bir so‘z bilan aytganda “yangilik kiritish”, degan ma’noni anglatadi.
Innovatsiya tushunchasiga dastlab “innovatsion kombinatsiyalar”ni tahlil qilish, iqtisodiy tizimlarning rivojlanishidagi o‘zgarishlar natijasida XX asrning boshida avstriyalik iqtisodchi va huquqshunos Yozef Shumpeterning ilmiy ishlarida ta’riflar berilgan. U 1900 yillarda iqtisodda “innovatsiya” terminini ilmiy qo‘llashga kiritgan dastlabki olimlardan hisoblanadi.
Innovatsiya - bu bozor talabidan kelib chiqqan holda jarayonlar va mahsulotlarning sifatli o‘sish samaradorligini ta’minlash uchun joriy etilgan yangilik. U insonning intellektual faoliyati, uning fantaziyasi, ilmiy-ijodiy dunyoqarashi, yaratgan kashfiyotlari, ixtirolari va ratsionalizatorlik g‘oyalarining yakuniy natijasi hisoblanadi. Yangi iste’molchilik xususiyatlari yoki ishlab chiqarish tizimlarining samaradorligini sifatli oshirish orqali bozorga mahsulot (tovarlar va xizmatlar)ni yetkazib berish innovatsiyaga misol bo‘ladi.
Innovatsiya – foydalanish uchun kiritilgan yangi yoki sezilarli darajada yaxshilangan mahsulot (tovar, xizmat)lar o‘ziga xos ayirboshlanishining tashkiliy uslubi hisoblanadi.
Innovatsiya jarayoni asosan intellektual mulk ob’yektlarini yaratish, ulardan foydalanish va ular bilan bog‘liq huquqlarni tijorat muomalasiga kiritish va ularni huquqiy himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni ham qamrab oladi.
Iqtisodiyotni ilmiy tashkil etish va zamonaviy uslublarda boshqarish, uni rivojlantirish innovatsiya institutisiz bozorda to‘laqonli namoyon bo‘la olmaydi. Innovatsiya taraqqiyot manbai sifatida qabul qilinar ekan, huquqning vazifasi innovatsiya har tomonlama kengayishi, rivojlanishi uchun huquqiy maydon va shart-sharoitlar yaratib berishdan iborat. Ana shu maqsadlarda joriy yilning 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasining “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi Qonuni amalga kiritildi. Mazkur qonun 6 bob, 39 moddadan iborat bo‘lib, unda innovatsiya va innovatsion faoliyat bilan bog‘liq fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solish ko‘zda tutilgan.
Qonunda innovatsion faoliyatning asosiy prinsiplari bilan birga innovatsion faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari ko‘rsatib berilgan. Shuningdek, qonun normalarida innovatsion faoliyat sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatlari mustahkamlangan.
Innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, dunyo ilm-fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion ishlanmalar va texnologiyalar asosida inson kapitalini, mamlakatni jadal rivojlantirish, innovatsion faoliyat sohasida yagona davlat siyosatini olib borish maqsadida innovatsion rivojlantirish strategiyalari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Innovatsion faoliyat sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga hamda amalga oshirishda bevosita davlat ishtirokining qonunda alohida normada belgilanishi innovatsiyalarga nechog‘lik e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
Innovatsion faoliyat bilan shug‘ulanuvchi sub’yektlarning qonunda sanab ko‘rsatilgani va ularning qator huquq hamda majburiyatlari mustahkamlangani e’tiborga loyiq. Shuningdek, texnologiyalar transferining ustuvor yo‘nalishlari, usullari va mexanizmlarining alohida normalarda ko‘rsatilishi yangi jarayonlarga kirishish imkonini beradi.
Qonunda alohida bobda innovatsion infratuzilma bilan bog‘liq qoidalar ko‘rsatilgan. Xususan, innovatsion infratuzilmaning sub’yektlari sifatida innovatsion texnologik park, texnologiyalar transferi markazi, innovatsion klaster, venchur tashkiloti va innovatsiya markazining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilangan. Shunga ko‘ra, bu turdagi sub’yektlarning innnovatsion faoliyatda o‘ziga xos xususiyatlari namoyon bo‘ladi.
Innovatsion faoliyatni moliyalashtirish manbalari, moliyalashtiruvchi sub’yektlar, ularning vakolatlari va mablag‘larni yo‘naltirish sohalarining alohida normalarda belgilanishi, innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash zaruriyatini ko‘rsatadi. Shuningdek, qonunda innovatsion faoliyat sohasida xalqaro hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, innovatsiyalar bir martalik tashkiliy-texnikaviy tadbir emas, ular bir tomondan, investitsiyalar va moliyaviy resurslar, ikkinchi tomondan, ilm-fan, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar bilan bog‘liq. Zamonaviy ilmiy tadqiqotlarsiz, ilm-fan va ishlab chiqarishni uzviy bog‘lashga, iqtisoddagi tarkibiy o‘zgarishlarga va innovatsion modernizatsiyalashga erishib bo‘lmaydi.
Innovatsiyaga har qanday turdagi yangilik sifatida emas, balki mavjud tizimning samaradorligini jiddiy ravishda oshiradigan omil sifatida qarash lozim. O‘z xususiyatiga ko‘ra, innovatsiyalar kashfiyotlardan tubdan farq qiladi. Ilm-fan mablag‘ni bilim va g‘oyalarga aylantirsa, innovatsiyalar bilim va g‘oyalarni mablag‘ga aylantiradi.
XX asrda jahonning industrial rivojlangan mamlakatlari katta qamrovli inqirozlar oqibatlarini ilmiy yangiliklar va innovatsiyalarni keng qo‘llash orqali bartaraf qilganlar. Odatdagi tadbirkorlik faoliyati turlaridan farqli ravishda innovatsiya tadbirkorlikda tavakkalchilik darajasining yuqoriligi, faoliyat ilmiy-ijodiy xarakter kasb etishi va maxsus bilim va malakaga ega xodimlar mehnatidan foydalanishni taqozo etishi bilan o‘ziga xos tarzda ajralib turadi.
Amalga kiritilgan yangi qonun qator boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi uchun ham huquqiy zamin bo‘lib xizmat qiladi. Kelgusida davlat mablag‘lari hisobidan yaratilgan intellektual mulk ob’yektlariga egalik qilish va uni tasarruf etish, texnologiyalarni transfer qilish (o‘tkazish), mablag‘larni innovatsiyalarga kiritish va soliqqa tortish, innovatsion faoliyatni boshqarish, sinov va tajriba-konstruktorlik tuzilmalari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq jarayonlarni tartibga soluvchi qo‘shimcha huquqiy hujjatlar qabul qilinishi lozim bo‘ladi.
Gulnora XUDAYBERDIYeVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.