Ilm va ma’rifatga bag‘ishlangan hayot:Ubaydulla Uvatov xotirasi yod etiladi

Toshkent shahrida taniqli sharqshunos olim, tarjimon va jamoat arbobi Ubaydulla Uvatov xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Uning tavalludining 85 yilligi munosabati bilan tashkil etilayotgan mazkur anjuman doirasida “Munavvar hayot va ilm sohibi” nomli kitob taqdimoti ham bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Tadbir doirasida Ubaydulla Uvatovning sermazmun hayot yo‘li va ilmiy-pedagogik faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etilishi, shuningdek, yurtimizning yetakchi olimlari, akademiklar va ziyolilari ishtirokida ma’ruzalar tinglanishi rejalashtirilgan. Ishtirokchilar tomonidan ustozning ilm-fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, ayniqsa sharqshunoslik, arab tili va tarjimonlik sohalaridagi xizmatlari alohida ta’kidlanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ubaydulla Uvatov 1940 yilda Qashqadaryo viloyatida tavallud topgan bo‘lib, o‘z faoliyati davomida Toshkent davlat universiteti va boshqa nufuzli ilmiy muassasalarda ta’lim olgan va mehnat qilgan. U arab mamlakatlarida tarjimon sifatida faoliyat yuritgan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimida samarali ishlagan, shuningdek, Toshkent islom universiteti hamda Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Uning ilmiy merosi, tarjimalari va ma’rifiy ishlari mamlakatimizda sharqshunoslik ilmining rivojida muhim o‘rin tutadi. Ubaydulla Uvatov nafaqat olim, balki yosh kadrlar tarbiyasiga katta hissa qo‘shgan fidoyi ustoz sifatida ham keng e’tirof etilgan.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamkorligida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur tadbir bugun soat 11:00 da Temuriylar tarixi davlat muzeyining kichik anjumanlar zalida bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.