Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorlari yana bittaga ko‘paydi
Kecha, 4 iyun kuni O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi hamda Malayziyaning Islomni anglash instituti hamkorligida diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot masalalariga bag‘ishlangan onlayn muloqot tashkil etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmatining xabar berishicha, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-gumanitar va ilm-fan yo‘nalishidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida so‘z yuritildi. Ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Onlayn muloqot so‘ngida Malayziyaning Islomni anglash instituti va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikka oid memorandumlar imzolandi.
Ta’kidlash lozimki, 2017 yilda tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bugungi kunda dunyoning 24 ta yetakchi islom tadqiqot markazlari, universitetlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi axborot xizmati.