Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tayyorlangan kitob YUNESKO tomonidan nashr etildi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Shovosil Ziyodovning “O‘rta Osiyo sfragistikasiga oid materiallar (Toshkent. XIX oxiri – XX asr boshlari) - Muhrlar katalogi” nomli ilmiy monografiyasi YuNESKO hamkorligida nashr etildi.

Mazkur monografiya muhrlar bosilgan katologlar to‘plami bo‘lib, 176 sahifadan iborat. Bahrom Abduhalimov, Baxtiyor Bobojonov, Devin Devis, Hisao Komatsu, Shahin Mustafoyev, Yurgen Paul singari xalqaro tahrir hay’ati a’zolari tomonidan tahrir qilingan. Kitobga falsafa fanlari doktori, professor Roiq Bahodirov, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Mo‘minov va Sanjar G‘ulomovlar ilmiy muharrirlik qilishdi. Loyihaga  professor D.Voyatkin rahbarlik qildi.

Muallif ushbu monografiya ustida bir necha yillar davomida ilmiy izlanishlar olib borgan.

Mazkur ilmiy tadqiqot ishi Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (YuNESKO) va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan olib borilayotgan “Markaziy Osiyo xalqlarining qo‘lyozma va hujjatli ilmiy merosi” loyihasiga muvofiq Markazning ilmiy kengashi tavsiyasi asosida olib borildi.

Nashr ishlari esa Fransiyaning Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi va Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti ko‘magida Germaniyaning Gerda Xenkel (“Gerda Henkel Stiftung”) fondi, “Inson va ilmlar uyi” (la Fondation Maison des sciences de l’homme (FMSH) jamg‘armasi ijtimoiy-gumanitar sohadagi Fernand Brodel stipendiyasi doirasida amalga oshirildi.

Mazkur kitob O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik institutida saqlanayotgan muhrlarning ilmiy va tanqidiy tavsifini o‘z ichiga oladi.

Kitob tarixchilar, manbashunoslar, sharqshunoslar, talabalar va magistrlar, shuningdek, O‘rta Osiyo tarixiga qiziqqan mutaxassislar uchun mo‘ljallangan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati.