Imom-xatiblar mahallalardagi notinch, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar va nogironligi bor fuqarolar bilan uchrashdi

Viloyat bosh imom-xatibi va uning o‘rinbosarlari, shuningdek, shahar va tuman bosh imom-xatiblari ishtirokida hududlarda muntazam ravishda sayyor uchrashuvlar o‘tkazish rejalari tuzilgan edi.

Unga ko‘ra, joriy yilning fevral oyi davomida Jomboy, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Oqdaryo, Toyloq tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida ana shunday uchrashuvlar tashkil qilindi.

Tadbir doirasida imom-xatiblar kam ta’minlangan va notinch oilalar holidan xabar olishdi. Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar uyushtirildi. Ishchi guruh tomonidan har bir mahalla fuqarolari soni, ijtimoiy holati va muammolari bo‘yicha xatlov o‘tkazilib, tahlil qilindi.

O‘tgan oy davomida jami 216 ta mahallada sayyor uchrashuvlar o‘tkazilgan bo‘lib, ijtimoiy himoyaga muhtoj 130 oila, kasalmand va nogiron bo‘lgan 35 nafar fuqarodan hol so‘raldi. Ularga 26 million 580 ming so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. Xodimlarimiz ko‘magi bilan 20 ta notinch oila yarashtirildi. “Mehr” operatsiyasi tadbirlari sabab Suriyadan qaytgan 14 nafar ayol va ularning bolalari holidan ham xabar olindi. Uzoq muddat xorijda bo‘lib qaytgan 180 nafar fuqaro, shuningdek hozirda chet elda yurgan 215 nafar shaxsning oila a’zolari bilan uchrashib, ularga zarur maslahatlar berildi. Ichkilikka ruju qo‘ygan 9 nafar fuqaro bilan alohida gaplashib olindi.

Bu kabi tadbirlar bir oy ichida o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatdi. Shuning uchun ham ana shunday sayyor uchrashuvlar muntazam o‘tkazib turilishi maqsad qilindi.

Zayniddin Eshonqulov,
viloyat bosh imom-xatibi.