Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Imomlar obodonlashtirish xodimlariga himmat ko‘rsatdi

Oramizda shunday kasb egalari borki, mashaqqatli mehnati qahramonlikka loyiq bo‘lsa-da, ularning qadriga yetmaymiz. Zahmatli mehnatlariga past nazar bilan qaraymiz, ularni gohida kamsitamiz. Ammo anglamaymizki, Allohning nazdida bizdan ko‘ra, ularning mehnati qadrliroq, zahmatiga mukofotlari ko‘proq.

Bugun Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov va bir guruh imomlar ana shunday mehnatkash, fidoyi insonlar holidan xabar oldi. Homiy va ehsonparvar kishilar tomonidan berilgan tibbiy niqoblar va sovg‘alar Samarqand shahar hokimligining obodonlashtirish boshqarmasida xizmat qilayotgan ishchi-xizmatchilarga tarqatildi.

- Bu arzimas sovg‘alar oz bo‘lsa-da, ishchi-xodimlarga moddiy ko‘mak bo‘lsin, - dedi Z.Eshonqulov. - Katta-katta mukofot, ajr va savoblarni esa Alloh taoloning O‘zi ato qiladi, inshaalloh. Azizlar, bu insonlarning mehnatlarini qadriga yetaylik. Hozirgi vaziyat hammamizga oydek ravshan. Shunday holatda ham shahrimizning har bir qarich joyini tozalab, orasta holga keltirayotgan, o‘zlarining ushbu sa’y-harakati samarasida biz yashab turgan maskanga fayz-baraka ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladigan kasb egalariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiraylik. Zero, ozoda joyda xotirjamlik bo‘ladi, balo-qazo nari ketadi.