Import tarkibida texnologik asbob-uskunalar, transport, ehtiyot qismlar, metall buyumlar, farmatsevtika mahsulotlarining ulushi katta
Joriy yilning yanvar-avgust oylarida viloyatimizda 280 million dollarlik mahsulot eksport qilingani holda import hajmi 877,5 million AQSh dollarini tashkil etmoqda. Import tarkibida texnologik asbob-uskunalar, transport va uning ehtiyot qismlari, metall va ulardan tayyorlanadigan buyumlar, farmatsevtika mahsulotlarining ulushi katta bo‘lmoqda.
Samarqand tumanidagi "Stekloplastik" mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tkazilgan "Samarqand viloyatida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlari" mavzusidagi ko‘rgazmali seminarda ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Unda viloyatdagi korxona va tashkilot rahbarlari, tijorat banklari, sohaga aloqador mutaxassislar bu yerda mahsulot ishlab chiqarish jarayoni, uning sifati bilan yaqindan tanishdi.
Seminarda viloyat hokimi E.Turdimov viloyatda ishlab chiqarishni rivojlantirish, import mahsulotlarini kamaytirgan holda mahalliylashtirishni yanada kengaytirish omillari haqida so‘z yuritdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, joriy yilda viloyatimizdagi 11 korxonada mahalliylashtirish dasturi doirasida 25 dan ortiq mahsulot o‘zlashtirilishi belgilangan. Mazkur seminarning ushbu korxonada o‘tkazilayotgani ham bejiz emas. Chunki, bu yerda ishlab chiqarilayotgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning 90 foizi mahalliylashtirish dasturi asosida tayyorlanmoqda.
Shundan so‘ng seminar ishtirokchilari "UZAUto TRAILER" va "JV MAN AUTO-UZBEKISTAN" qo‘shma korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
O‘ktam QO‘ZIBOYeV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).