Eksport-import bo‘yicha bojxonada cheklov yo‘q

Yurtimizda pandemiyaga qarshi kurash va uning salbiy ta’sirini yumshatish borasida qabul qilingan huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizdagi bojxona postlarida uzluksiz bojxona rasmiylashtiruvlari olib borilmoqda. Yuklarni tezkorlik bilan o‘tkazish, eksport va import qilinayotgan tovarlarga ruxsat beruvchi hujjatlarni tezkorlik bilan berish bo‘yicha viloyat bojxona boshqarmasida 24/7 tizimida ishlar olib borilmoqda. Barcha xodimlar himoya vositalari va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etgan holda ish faoliyatini olib bormoqda.

Tizimda olib borilgan ishlar samarasida joriy yil 1 may holatiga ko‘ra, viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan 13 ming 116 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan. O‘tgan vaqt davomida 297 million dollarlik import va 93,5 million dollarlik eksport bojxona rejimi rasmiylashtiruvi amalga oshirildi.

Eksport tovarlarining asosiy qismini meva-sabzavot, tikuv-to‘qimachilik, hayvonlar ozuqasi va boshqa yengil sanoat mahsulotlari tashkil etgan bo‘lsa, import tovarlarida cho‘yan va po‘lat, aniq sohalar uchun maxsus mo‘ljallangan mashinalar, texnologik-uskunalar, tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari asosiy o‘rinni egallamoqda.

Jumladan, viloyatimiz eksportyorlaridan bo‘lgan “Hakan Agro Export” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Mamadali Rahimov 2019 yilda 1 million dollarlik, joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida esa esa 300 million dollarlik dukkakli don mahsulotlarini eksport qilgan. Korxona 2020 yilga 3 million AQSh dollari miqdorida dukkakli don ekinlarini eksport qilishni rejalashtirgan.

Viloyatdan eksport qilingan tovarlarning katta ulushi Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Qozog‘iston, Xitoy, Iroq, Ozarbayjon, Polsha davlatlariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, import mahsulot asosan Xitoy, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Eron, Turkmaniston davlatlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Hozirgacha import qilingan tovarlar uchun qonunchilikka binoan 404 milliard so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar qo‘llanildi.

Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.