Import qilinadigan xomashyo va meteriallar uchun 2022 yilgacha bojxona boji undirilmaydi

Prezidentimizning 5 mayda “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni  qabul qilindi.

Unga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqarilgan bazaviy sifatdagi paxta tolasining boshlang‘ich narxi Nyu-York tovar birjasining eng yaqin yetkazib berish oyi uchun fyuchers kotirovkasi qiymatidan kelib chiqqan holda sotuvchi tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, mahalliy to‘qimachilik korxonalariga birja savdolarida 2020 yil 1 aprelga qadar milliy valyutada sotilgan paxta tolasi uchun yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish muddati 90 kundan 150 kungacha uzaytiriladi.

Farmon bilan import qilinadigan ayrim xomashyo va materiallar 2022 yil 1 yanvarga qadar bojxona boji to‘lashdan ozod qilindi.

2020 yil 1 maydan 31 dekabrgacha qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishning soddalashtirilgan tartibi amal qiladi.

O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni olib chiqishda 2021 yil 1 yanvardan boshlab olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava uchun 0,01 AQSh dollari, 2022 yil 1 yanvardan olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava va trikotaj mato uchun 0,05 AQSh dollari, 2023 yil 1 yanvardan – 0,1 AQSh dollari, 2025 yil 1 yanvardan – 0,2 AQSh dollari miqdorida yig‘im undiriladi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.