Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ba’zi yo‘nalishlar bo‘yicha ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatila boshlaydi

“Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida 2021 yil 1 noyabrdan boshlab:

- Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda  Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi;

- 2022 yil 1 yanvardan boshlab esa kardiologiya, travmatologiya va ortopediya hamda akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat berildi.

Bundan tashqari “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha” yo‘l xaritasida 2021 yil 1 noyabrgacha:

📌 Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlariga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlash;

📌 Qarorda belgilangan yo‘nalishlarda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga qo‘yiladigan talablarni hamda ularni moliyalashtirish tartibiga oid ma’lumotlarni yetkazish;

📌 Davlat mablag‘lari hisobiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni ko‘rsatishga jalb etilgan nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiy xizmatlar narxi bilan tanishish imkoniyatini yaratish;

📌 Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishda jalb etilgan nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun Sog‘liqni saqlash vazirligining axborot tizimidan foydalanish imkoniyatini yaratish kabi vazifalarni bajarish rejalashtirilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, qarorda ko‘zda tutilgan vazifalardan kelib chiqib, 2021 yil 17 fevraldagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorining tegishli ilovalariga ham zarur o‘zgartishlar kiritildi.

Jumladan, inson o‘pkasining kompyuter tomografiyasi tahlili asosida pnevmoniyani aniqlash hamda mammografiya tahlili asosida ko‘krak bezi saratoniga ilk bosqichda tashxis qo‘yish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash  uchun dasturiy ta’minot va apparat-dasturiy komplekslari ishlab chiqaruvchi va integratorini aniqlash muddati 2021 yil noyabrgacha etib belgilangan.