Infografika: Turli mamlakatlarda har bir soatda nechta chaqaloq tug‘iladi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Aholi istiqbollari» hisobotiga ko‘ra, 2023 yilda dunyoda 132 milliondan ortiq chaqaloq tug‘ilgan, bu soatiga taxminan 15 000 chaqaloq degani.

Ro‘yxatni boshqarib turgan Hindistonda soatiga 2 600 dan ortiq tug‘ilish qayd etilgan. Bu ikkinchi o‘rinda turgan Xitoy mamlakatidagi tug‘ilishlardan (taxminan 1000) ikki baravar ko‘proq. Umumiy qilib olganda, dunyoda har bir soatdagi deyarli to‘rtta tug‘ilish Hindiston va Xitoyda sodir bo‘ladi.

Ro‘yxatning qolgan qismiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Nigeriya (har soatda 857 tug‘ilish) va Pokiston (786) deyarli bir xil ko‘rsatkichlarga ega. Indoneziya (512), Kongo Demokratik Respublikasi (499) va Efiopiya (469) davlatlarining ham tug‘ilish darajasi bir-biriga o‘xshab ketadi. Kuchli to‘qqizlikni AQSh (418) va Bangladesh (398) yakunlaydi.

Ushbu ro‘yxat Rossiya va Braziliyadan tashqari eng ko‘p aholisi bo‘lgan to‘qqizta mamlakatni deyarli aniq aks ettiradi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada har soatda 148 ta, Braziliyada esa 297 bola tug‘iladi.

Bu raqamlarga qaramay, ushbu ro‘yxatdagi ko‘plab mamlakatlarda tug‘ilish darajasi yildan-yilga pasayib bormoqda. Bu har doim ham yomon emas – ba’zi davlatlardagi aholining sust o‘sishi ko‘proq yaxshi ta’lim istiqbollari va bandlik sohalaridagi turli imkoniyatlarni anglatishi mumkin.

O‘lim darajasi (nisbatan) past bo‘lgan davlatlarda mehnatga layoqatli aholi soni ko‘payib boradi. Bunday demografik dividend mamlakatlardagi aholi jon boshiga daromad va iste’molni oshirish imkonini beradi.