Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi 500 fuqaroga bepul vaucherlar topshirdi
Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Samarqand hududiy bo‘linmasi tomonidan viloyat aholisi orasidan 500 nafar fuqaroga O‘zbekiston-Shveysariya hamkorligida tashkil etilgan "SWISS LAB" laboratoriyasida skrining tekshiruvidan o‘tishlari uchun yo‘llanma (vaucher) taqdim etildi.
Ijtimoiy yordamga muhtoj, "Temir daftar", "Ayollar daftari" va "Yoshlar daftari"ga kiritilgan aholiga vaucherlar berildi va ularni bepul poytaxtga olib borib, tekshiruvdan o‘tkazildi. Xususan, ushbu vaucherlar orqali fuqarolar kardiologik, urologik va terapevtik yo‘nalishlar bo‘yicha tibbiy tekshiruvlardan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Vaucherlarning har biri 700 ming so‘m bo‘lgani holda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga milliy palata tomonidan bu vaucherlar bepul taqdim etilmoqda.
Shuningdek, milliy palata «SWISSLAB» bilan hamkorlikda aholi skriningi bo‘yicha loyihani yo‘lga qo‘yish maqsadida 6 ming kishi uchun laboratoriya tahlili o‘tkazishni tashkil etdi.
Qo‘shma loyiha, eng avvalo, yuqori sifatli skrining o‘tkazishni maqsad qilgan. Chunki mazkur kompaniyaning laboratoriya tahlillari Yevropa sifati standartlariga mos keladi. Va bu zarur sertifikat bilan tasdiqlangan. Bu, o‘z o‘rnida, bemorlarni tashxislash darajasini ko‘tarish, tashxis qo‘yishda xatolar sonini kamaytirish, tibbiy statistikani yaxshilash va odamlarning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ishonchining ortishiga olib keladi.