Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tashkil etiladi
– Yurtimizda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, sog‘liqni saqlash sohasini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish hamda xalqaro standartlar va innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etishga qaror qilindi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Abdulla Abiyev. – Bu asosda xalqaro metodikalarga muvofiq aholi salomatligi ko‘rsatkichlarining barqaror yaxshilanishini va tizimdan qanoatlanganlik darajasini ta’minlash, mintaqada tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni hamda jahon reytinglarida munosib o‘rinni egallash, xususiy sektor ulushini salmoqli darajada ko‘paytirish bilan birga uning sifatini oshirish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari, shu jumladan, boshqaruv kadrlariga xalqaro standartlarga muvofiq uzluksiz ta’lim berish va ular malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish vazifalari belgilab berildi.
Qarorga asosan Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tashkil etilib, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish strategiyasini, ilg‘or xalqaro standartlar va jahondagi eng yaxshi amaliyotni hisobga olgan holda sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Shifokorlar va provizorlarni ro‘yxatga olish tizimi, umumiy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan yagona elektron ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Yangi tashkil etilgan milliy palata xalqaro standartlarga javob beradigan sog‘liqni saqlash infratuzilmasini yaratishga, tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun moliyaviy mablag‘lar jalb etishga, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida yangi tashkilotlar tashkil qilishga ko‘maklashadi. Eng muhimi, tibbiyot xodimlarining obro‘sini, ushbu kasb nufuzi va mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ishonchni oshirish, tibbiyot xodimlariga odob-axloq qoidalarini singdirish, korrupsiya ko‘rinishlariga barham berish va ularning oldini olish borasida jamoatchilik nazoratini olib boradi.
Yana bir gap. 2021 yildan boshlab provizorlarning milliy palatada ro‘yxatdan o‘tmasdan kasbiy faoliyat yuritishi taqiqlanadi.
Mazkur qaror bilan joriy yil yakuniga qadar tibbiyotda "Elektron poliklinika", "Aqlli tibbiyot" va "Yagona tibbiy ma’lumotlar markazi" konsepsiyalarini hayotga tatbiq etish belgilab berilgan.
Xo‘sh, ular nima degani? Ularning ishlash prinsipi qanday? Ayni kunlarda viloyatimiz tibbiyot sohasida qanday ishlar olib borilayotgani ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Chunki bu konsepsiya yurtimizga yangilik sifatida kirib kelmoqda.
– Masofadan turib profilaktika qilishni ta’minlaydigan "Aqlli tibbiyot" va "Yagona tibbiy axborot markazi"ni hayotimizga tatbiq etish zarur, – deydi A.Abiyev. – Innovatsion rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlatlarda "aqlli texnologiyalar" barcha sohalarda keng tatbiq etilmoqda. Chunki ularning asosiy maqsadi – kam vaqt va kuch sarflab, yuqori natijaga erishishdir. "Aqlli tibbiyot" va "Yagona tibbiy ma’lumotlar markazi" shu mezon asosida ishlab, kasalliklarni oldindan aniqlash, ularni masofadan profilaktika qilish imkonini beruvchi tizim hisoblanadi. Bu esa foydalanuvchiga istalgan vaqtda va istalgan joyda tibbiy xizmatdan foydalanish imkonini yaratadi. Eng muhimi, xizmat sifati eng chekka qishloqda ham, poytaxtda ham bir xil bo‘lishi ta’minlanadi. U o‘z ichiga birlamchi tibbiy bo‘g‘indan tortib, shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi.
"Yagona tibbiy ma’lumotlar markazi" bemorning ambulator kartasi, kasalliklar tarixi kiritilgan elektron ma’lumotlar bazasidir. Bu bazada bola dunyoga kelishidan boshlab, salomatligi, emlash va davolanishi bilan bog‘liq barcha ma’lumot kiritib boriladi. Bemorni davolovchi shifokorda ushbu bazaga kirish, qo‘shimcha ma’lumot joylashtirish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Oddiy ambulator kartadan elektron shaklning qanday afzalligi bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Avvalo, elektron shaklda ko‘pgina xatolarning oldi olinadi. Masalan, karta yo‘qolishi, ma’lumotlar to‘liq yoki umuman yozilmasligi holatlariga barham beriladi. Muolaja tayinlashda bemorning butun kasallik tarixi, ilgari olgan muolajalari bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.
"Aqlli tibbiyot" tizimi esa shifokorga zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida bemor bilan aloqa o‘rnatish va masofadan turib davolash imkonini beradi. Bemor tanasiga o‘rnatilgan maxsus datchik va chiplar orqali shifokor qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, mijozi salomatligi haqidagi muhim ma’lumotlardan xabardor bo‘ladi. Misol uchun, hayotiy ko‘rsatkichlar – tana harorati, qondagi qand miqdori, arterial qon bosimi haqidagi axborot shifokorga kelib turadi. Bu surunkali va yashirin kechuvchi kasalliklar profilaktikasida, ularni aniqlash, bemorning salomatligi holatini monitoring qilish va davo choralarini tayinlashda muhimdir.
Hozirda "Aqlli tibbiyot"ning ilk xizmat turlari joriy etila boshlandi. Xususan, "elektron navbat", "bemorning elektron kartochkasi", "elektron ro‘yxatga olish", "elektron retsept" tizimi va "elektron dorixona", "elektron order" kabi xizmat va servislar yaratilmoqda. Telemeditsina, mobil meditsina (mobil xizmatlar, m-Health), elektron ta’limni rivojlantirish ishlari jadal olib borilmoqda.
Dilmurod TO‘XTAYeV,
"Zarafshon" muxbiri.