Insofing bormi, noinsof?

Xalqimiz orasida “Dunyoni obod qiladigan ham, barbod qiladigan ham inson, insonni odam qiladigan insof!”, degan hikmat bor. Ba’zan insof haqida gapiramizu, lekin uning nima ekanligini unutib qo‘yamiz.

Menimcha, insof – haddan oshmaslik, shukr qilish, qanoatli bo‘lish... Afsuski, oramizda bu tushunchalardan yiroq noinsof kimsalar ham uchrab turadi. Keling, bu haqda fikrlashishdan avval o‘zim kuzatgan bir holatga e’tiboringizni qaratsam.

"Sayyor qabulda muammo oson hal bo‘ladi-da. Har safar hokim qabuliga kirib, masalani shartta aytaman, shu yerning o‘zida mas’ul rahbar muammodan xabardor qilinadi va masala tezda ko‘rib chiqiladi".

Mashinaga o‘tirganimdan so‘ng o‘rta yoshlardagi yo‘lovchining suhbatdoshiga aytgan bu gapi qulog‘imga qo‘ng‘iroqday chalindi.

- Bugun nima masalada murojaat qildingiz? - so‘radi yo‘lovchi sherigidan.

- Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun yer so‘ragandim, 10 yilga 15 sotix yer auksion orqali ijaraga beriladigan bo‘ldi.

- Ha, yaxshi bo‘libdi. Endigi qabulda nima so‘ramoqchisiz?

- Xabaringiz bor, uyimda yong‘in chiqqandan keyin bolalarim bilan bir uyda turib qoldik. Shunga o‘zimga shinamroq bir uy qurib berishsa, yaxshi bo‘lardi.

Manzilga kelguncha hokimga murojaat qilgan amaki

muammolarini aytib nolib keldi. U taksidan tushgach esa suhbatdoshi gap boshladi.

- Bu kishi bizning mahalladan, yaxshi taniyman. Ishlayman, desa ish ko‘p, lekin hech qayerda ishlamaydi. Qachon qarasa, hokimiyatni eshigida bir muammosi bilan turgan bo‘ladi. To‘g‘ri, yaqinda uyida yong‘in chiqqandi, hokimiyat uyini ta’mirlashda yordam qildi. Qiynalib qolishmasin, deb farzandining kontraktini to‘lab, sog‘in sigir ham olib berishdi. Biroq bu odamning muammosi tugamaydi. Bordi-yu, biror murojaati rad etilsa, bormagan joyi qolmay olamga jar soladi.

Mahalladagilarning ham ensasi qotgan. Hozir sayyor qabulda ish topib berilsa ham ishlamaydi, qachongacha davlat yordam beradi, har yili yordam berasizlar, nega ishlamaydi, to‘rt muchasi sog‘ bo‘lsa, beraversangiz yeb yotaveradi-da, o‘ziga esa "Insofing bormi, noinsof!" qabilidagi gaplar ko‘p bo‘ldi. Ammo, qayda...

Insofsiz rahbar, insofsiz sotuvchi, insofsiz soliqchi, insofsiz MIB xodimi... Bu ro‘yxatni xohlagancha davom ettirish mumkin. Aslida ayrim odamlarning davlatdan, hokimiyatdan shaxsiy manfaat ilinjida o‘zini har ko‘yga solib, turli narsalar talab qilishi, berilgan yordamga qanoat qilmay, to‘rt muchasi sog‘ bo‘lib, ham o‘zini bechora ko‘rsatishi noinsoflik emasmi? Ko‘ngilni xira qiluvchi bunday holatlarni kuzatib, yoqasini tutadi odam. Nahotki, oriyatdan, andishadan uzoqlashib ketdik.

Fazliddin Ro‘ziboyev.