Inson huquqlari himoyasi kuchaytirildi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ijrosi yuzasidan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, odil sudlovning sifati va shaffofligini oshirish, "Xabeas korpus" institutini qo‘llashni kengaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 30 noyabrdagi "Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Farmonga asosan, qonun hujjatlari talablariga og‘ishmay va qat’iy rioya etishga huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining birinchi darajali e’tibori qaratilishi, unga muvofiq qonun normalarini aniq ijro etish va ularga rioya qilishdan har qanday chekinish, qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqqanidan qat’i nazar, qonuniylikni buzish hisoblanishi hamda qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi ta’kidlangan.
Shuningdek, protsessual qonunchilikni jiddiy buzgan holda yoki noqonuniy uslublar bilan, shu jumladan:
- jinoyat protsessi ishtirokchilari yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llagan holda;
- gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining himoyaga bo‘lgan huquqini, shuningdek, tarjimon xizmatidan foydalanish huquqini buzgan holda;
- jinoyat protsessida ishtirok etayotgan shaxsga huquq va majburiyatlarini tushuntirmaslik oqibatida uni chalg‘itgan holda;
- mazkur jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan protsessual harakatlarni o‘tkazish oqibatida;
- noma’lum manbadan yoxud jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritish jarayonida aniqlash mumkin bo‘lmagan manbadan;
- dastlabki tergov jarayonida jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining sudda mavjud dalillar majmui bilan o‘z tasdig‘ini topmagan ko‘rsatuvlaridan;
- mavjud dalillar majmui bilan tasdiqlangan hollardan tashqari, jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining taxmin, faraz yoki mish-mishlarga asoslangan ko‘rsatuvlaridan olingan hamda tegishli ravishda yuridik kuchga ega bo‘lmagan ma’lumotlardan jinoyat ishlari bo‘yicha dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Ahamiyatlisi, farmonda alohida tarzda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardan tashqari, sudlarda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi prinsipini cheklaydigan qo‘shimcha talablarni joriy etish hamda protsessual qonunchilik normalarini buzgan holda olingan guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining ko‘rsatuvlari, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar, audio va videoyozuv hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanish taqiqlanishi ko‘rsatib o‘tildi.
Shaxsni noqonuniy ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukm qilishga sabab bo‘lgan, hujjatlar yoki ashyolarga bila turib yolg‘on ma’lumotlar va boshqa buzib ko‘rsatilgan faktlarni kiritish, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rsatuv berishga majburlash, ish bo‘yicha haqiqiy holatlarni buzib ko‘rsatish orqali dalillarni qalbakilashtirganlik uchun, yolg‘on guvohlik va yolg‘on xabar berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutgan holda jinoiy javobgarlik kiritildi.
Bundan tashqari, dalillarni yig‘ish va mustahkamlashda ruxsat berilmagan uslublar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaatlar prokuratura organlari yoki sud tomonidan qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda tibbiy ekspertiza o‘tkazish orqali majburiy tekshirilishi shart. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish (o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha), tintuv, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti tarzidagi protsessual harakatlarni videoyozuv vositalaridan foydalangan holda majburiy video qayd etish amalga oshiriladi.
Dastlabki tergovning sifati va samaradorligi, alohida jinoyat ishlari tergovining muvaffaqiyati, eng avvalo, sodir qilingan jinoyatning tergovchilar tomonidan o‘ziga xos tomonlari, jinoyatchi va jabrlanuvchilarning shaxsi va boshqa omillarni nazarda tutgan holda eng to‘g‘ri va maqbul bo‘lgan tergov usullarining tanlanishi, tergov harakatlarining sifatli va reja asosida yuqori malakada va faol tashkil etilishiga bog‘liqdir.
Jasur KENJAYeV,
respublika Bosh prokuraturasi
boshqarma prokurori.