Inson huquqlari va erkinliklari himoyasida o‘zaro hamkorlik zarur

Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” majmuasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutiga asos solinganligining 28 yilligi munosabati bilan “Inson huquqlari va erkinliklarining ishonchli himoyasi borasida o‘zaro hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Tadbir Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) huquqiy islohotlar dasturi bilan hamkorligida tashkil etildi.

Unda yigirmaga yaqin xorijiy mamlakatlarning inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi vakolatli organlari hamda xalqaro birlashma vakillari, jumladan, Portugaliya, Serbiya, Vengriya, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Tailand, Marokash qirolligi, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlari Ombudsmanlari hamda xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari bevosita va onlayn formatda ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda qator davlat tashkilotlari vakillari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi komissiya a’zolari, fuqarolik jamiyati instituti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari bevosita  qatnashdi.

Konferensiyaning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimi vakili Matilda Dimovska, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Xans-Ulrix Im so‘zga chiqib, bugungi kunda dunyo miqyosida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish eng dolzarb masalalardan biri ekanligini ta’kidladi. Bu borada BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan olib borilayotgan ishlar, qabul qilinayotgan hujjatlar va ularning ijrosiga e’tibor qaratildi. Xususan, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini kafolatlash, gender tenglikni ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tilga olindi. Ushbu yo‘nalishlarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari e’tirof etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq, o‘tgan  yildan Ombudsmanning hududlarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari ish boshladi. Bu esa fuqarolar himoyasini tezlik bilan ta’minlash, ularning markazga kelish vaqtlari va harajatlarini tejash, murojaatlarni tezlik bilan joyiga chiqib o‘rganish, monitoring tashriflari qamrovini kengaytirish imkonini berdi.

– Mamlakatimizda Ombudsman instituti 1995 yil 23 fevralida MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib joriy etilgandi, – dedi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova.  – O‘tgan davr mobaynida Ombudsman jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topdi. Xalqaro Ombudsman instituti, Yevropa Ombudsman instituti, Osiyo Ombudsmanlar assotsiatsiyasi, Turkiy tilli davlatlar inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari va ombudsmanlari Assotsiatsiyasi hamda Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi kabi xalqaro birlashmalarning to‘laqonli a’zosiga aylandi. Bir qancha xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida 20 dan ortiq memorandum imzolandi.

Tashkilotimizning 28 yilligiga bag‘ishlangan mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda xorijiy davlatlar Ombudsmanlari, milliy institutlari, vakolatli davlat organlari va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro tajriba almashish va chet davlatlarda mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz manfaatlarini himoya qilishda hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.

Shuningdek, yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish yuzasidan mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar mazmun-mohiyatini xalqaro hamjamiyatga yetkazish maqsad qilingan.

Xalqaro konferensiya o‘z ishini sessiyalarga bo‘lingan holda olib bordi. Unda xotin-qizlar va yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning milliy va xalqaro mexanizmlari, Ombudsmanning davlat idoralari hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan o‘zaro hamkorligi masalalari muhokama qilindi va o‘zaro tajriba almashildi.

– Avvalo bugungi konferensiyaga taklif etishgani uchun o‘zbekistonlik do‘stlarimizga minnatdorlik bildiraman, – deydi Ozarbayjon Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Sabina Aliyeva. – Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha bugun muhokama etilayotgan masalalar barchamiz uchun eng dolzarb masalalar hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan o‘zaro tajriba almashgan holda faoliyat olib boryapmiz. Bu aloqalarimiz o‘tgan yildan boshlab Turkiy tilli davlatlar inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari va ombudsmanlari Assotsiatsiyasi doirasida ham amalga oshirilmoqda. 

Konferensiya sessiyalarida inson huquq va erkinliklarini amalga oshirishda imkoniyatlar tengligini ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarga yetarli sharoitlar yaratish dolzarb masala ekanligi qayd etildi. Jumladan, O‘zbekistonda ham Ombudsman o‘z faoliyati davomida imkoniyati cheklangan shaxslar tomonidan yuborilayotgan murojaatlarga alohida e’tibor qaratadi. Murojaatlar tahlili asosida 2022 yilda jamoat joylarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar hamda nogironligi tufayli erkin harakatlana olmaydigan mahkumlarning (mahbuslarning) huquqlari ta’minlanishi bo‘yicha respublika bo‘ylab monitoring o‘rganishlari olib borildi. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha parlament va tegishli davlat idoralariga axborot kiritildi.

Bundan tashqari, Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan o‘tgan yil harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 381 ta monitoring tashriflari amalga oshirildi. Bu tadbirlar chog‘ida 6 mingdan ortiq mahkum (mahbus) bilan jamoaviy va 1657 nafar mahkum (mahbus) bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. Monitoringlarda jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etishgan.

Xalqaro anjuman doirasida Vengriya va Serbiya davlatlari Ombudsmanlari bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha Samarqand rezolyusiyasi qabul qilindi.

G‘.Hasanov,

A.Isroilov (foto).