Insoniyat boshiga kelgan sinovni yorug‘ yuz bilan yengamiz

Asrlar davomida xalqimizning sabr-matonati, qanoati toblangan. Boshiga kelgan sinovlarni imon-e’tiqodi bilan yenggan. Nasib bo‘lsa, bu sinovdan ham mehnatimiz, ijodimiz, bir-birimizga g‘amxo‘rligimiz bilan yuzimiz yorug‘ bo‘lib o‘tamiz.
Tomorqa xazina deyishadi. Hovlimda uch sotix yerim bor. Har bir qarichidan unumli foydalanishga harakat qilaman. O‘zing yetishtirgan mahsulotning mazasi boshqacha bo‘larkan. Kech kuzda bir parcha yerga sarimsoq piyoz va ko‘katlar ekkandim. Bahorda farzandlarimga, nevaralarimga darmon-dori bo‘lsin deb. Kecha bargini bog‘lab chiqdim. Yerning qolgan qismiga pomidor, baqlajon, bulg‘or qalampiri ekkanman. Bodring ekishga ham yerni tayyorlab qo‘ydim.
Karantin davrida teatr rejissyori bilan birga sahnalashtiriladigan pesalarni o‘qib, ijodiy hamkorlik qilayapmiz. Hozir “Jannatga yo‘l” asarini o‘qiyapman. Ba’zan yerda ishlab ham ilhom olaman. Asarni o‘qib ko‘zim toliqdimi, darhol hovliga chiqib, yerga ishlov beraman. Bugungi kunda yerning bir qarichini ham bekor qoldirish uvol.
Turmush o‘rtog‘im bilan nevaralarga ham vaqt ajratishni unutmaymiz. Onlayn darslarni kuzatib, ko‘proq kitob o‘qib berishga harakat qilaman. Albert Eynshteyn “Agar bolalaringiz aqlli bo‘lishini istasangiz, ularga ertak o‘qib bering. Agar yanada aqlliroq bo‘lishlarini xohlasangiz, undanda ko‘proq ertak o‘qib bering”, degandi. Chunki kitoblar ma’naviy olamimizni boyitadi. Undan ibrat olish, hayotiy xulosa chiqarish, ba’zan o‘rganish ham mumkin. Shuning uchun, ko‘proq vaqtimni nevaralarimga kitob o‘qish bilan o‘tkazayapman.
47 yildan buyon teatr sahnasidaman. Sahnasiz hayotimni tasavvur eta olmayman. Teatr necha chig‘iriqlarni boshidan o‘tkazmadi. Teatrga shunday borib kelgan damlarimiz ham bo‘lgan. Bugun davr boshqacha. Tomoshabin uchun ishlaydigan, ijod qiladigan, yangi asarlarni imkon qadar ko‘paytirib, tomoshabin olqishidan ham ma’naviy, ham ruhiy quvvat olish zamoni keldi. Aktyor hayotdagi kamchiliklarni bo‘rttirib ko‘rsatadi, o‘z rollarida aks ettiradi. Albatta, undan xulosani tomoshabin yasaydi. Bugun teatrda faoliyat yuritayotgan iste’dodli yoshlarimiz ko‘p. Ularga faqat o‘rgatish, shakllantirish kerak, xolos. Teatrlarimiz bugun yana tomoshabinlar bilan to‘layapti. Kuchli asarlar aktyorlarimiz tomonidan ijro etilayapti. Karantin tugagach, yangi asarni teatr muxlislariga havola etamiz. Bugun barcha ijodiy xodimlar onlayn muloqot qilib, asarning kam-ko‘stini to‘ldirayapti, o‘z ustida ishlayapti.
Ne-ne zamonlarni ko‘rmadik. Bu kunlar ham hayotimizning bir lavhasi. Bugun uyda o‘tirib fikrlashimizga, xulosa qilishimizga, ortga nazar tashlab xatolarimizni to‘g‘irlashga imkon yaratildi. Asosiysi, barchamiz uyda qolib, sabrimiz-matonatimiz bilan bu kunlarni yengib o‘tamiz. Men bunga ishonaman. Uyda o‘tirgandan foydalanib, farzandlarimizga ham qanoatni o‘rgataylik. Ro‘zai Ramazon oylarida Allohga shukrona aytib, duoga qo‘l ochib bu kunlarni yengishni so‘raylik.
Temur PARDAYeV,
viloyat musiqali drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist.