Insoniyat nasli va ruhiga tahdid

26 iyun - Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni

Giyohvandlik so‘nggi ming yillikda insoniyat duch kelgan eng ulkan va halokatli illatlardan biridir. Uning dahshati shundaki, qaram bo‘lgan kishi o‘zligini yo‘qotadi, aqlan, jismonan, ma’nan inson qiyofasini tark etadi. Osuda hayot, farovonlik, sog‘liq o‘rniga parokandalik, tubanlik, jinoyat kabi fojialar aynan giyohvandlik moddalari sabab yuzaga keladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 15 yoshdan 64 yoshgacha insonlar orasidagi o‘lim holatining 1,3 foizi giyohvandlik oqibatida yuz berar ekan. Asr vabosi nomini olgan giyohvandlik insoniyat nasli va ruhiy dunyosiga jiddiy zarar yetkazishi bilan ham katta falokatdir.

Ushbu illat aholi sog‘lig‘i, jamiyat hafsizligi va eng achinarlisi, kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlar hayotiga ham tahdid solayotgani bor gap. Bugun unga qarshi butun dunyo kurashmoqda. Har yili 26 iyun xalqaro giyohvandlikka qarishi kurashish kuni sifatida nishonlanadi.

Yurtimizda ham bu illatga qarshi kurashish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilyapti. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun turli loyihalar ishlab chiqilgan. Zero, farzandlarimiz sog‘lom tug‘ilishi, barkamol ulg‘ayishi hamma narsadan muhimroqdir.

Nazira BEKMATOVA,

viloyat narkologiya dispanseri shifokori.