Insonni yaxshi ishlari bilan eslash ham savob

Samarqand viloyat davlat muzeyida manbashunos olim Rahmatulla Xoliqovning 75 yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbiri o‘tkazildi.
Olimning hamkasblari, do‘stlari va oila a’zolari ishtirok etgan tadbirda R.Xoliqov qisqa umr ko‘rgan bo‘lsa-da o‘zidan katta ma’naviy hazina qoldirgani, uning muzeylar faoliyati bo‘yicha amalga oshirgan ishlari bugun o‘z samarasini berayotganini ta’kidladilar.
- Insonni har qanday hayrli ishi o‘z mevasini beradi, albatta, - deydi muzeyshunos Rahim Qayumov. - O‘qib o‘rganganlarini ma’naviy meros qilib qoldirish, ilmiy tadqiqotlar olib borib, fidoyilik ko‘rsatgan manbashunos olim Rahmatulla Xoliqov ana shunday inson edi. U kishi arab alifbosidagi o‘zbek yozuvi, fors va arab tillarini mukammal o‘rganganligi bois, manbashunoslik ilmida o‘z izini qoldirdi. Viloyat muzeylarida ham aynan shu yo‘nalishda izlanib, alohida bo‘limlar tashkil etganini yaxshi bilamiz. Ustozimiz O‘zbekiston madaniyati va san’ati tarixi davlat muzeyiga bosh direktor etib tayinlanganda viloyatda muzeylar faoliyati yangidan boshlandi va ravnaq topdi.
Tadbirda R.Xoliqovning sa’y-harakatlari bilan Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda ansambli, Bibixonim masjidi, Hazrati Xizr masjidi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, tumanlardagi bir qator ziyoratgoh va masjidlar obod qilingani ta’kidlandi.
Xotira tadbirida R.Xoliqovning hayoti va ilmiy faoliyati bilan bog‘liq xotiralar yodga olindi.
Husan Eltoyev.