Insonning insonligini ta’minlaydigan mezon uning huquqi ta’minlanishida namoyon bo‘ladi
Kecha, 22 fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMTning “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 46-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zladi.
Mazkur ma’ruzada yettita ustuvor yo‘nalish belgilab berildi. Bu yo‘nalishlar deklaratsiya talablaridan kelib chiqib, har bir inson irqi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat’i nazar mamlakatimizda teng huquqli ekanligiga alohida urg‘u berildi. Bundan tashqari, inson mansub bo‘lgan mamlakat yoki hududning siyosiy, huquqiy yoki xalqaro maqomidan qat’i nazar mamlakatimizda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilgani, birgina 2020 yilda 50 ming vatandoshimiz O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinganligi va 2021 yilda yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo‘lishligi ma’lum qilindi.
Prezidentimiz ma’ruzada ustuvor vazifalardan biri mamlakatimizda amalga oshirilayotgan gender siyosati masalalari ekanligiga ham e’tibor qaratdi. Ayollarning rolini tubdan oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida keng miqyosda amalga oshirilganligi va buni kelajakda ham qat’iy davom ettirilishini alohida ta’kidladi. 2021 yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o‘tkazish rejalashtirilganligini ham ma’lum qildi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan biri Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirganligimiz bo‘ldi. Mamlakatimizda 2021 yilda “Bolalar Ombudsmani to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishni ko‘zda tutilganligi bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida bu boradagi tadbirlarimizning muhim natijasi bo‘ladi.
Prezidentimiz ushbu ma’ruzasida “Inson huquqlari sohasida ta’lim” deklaratsiyasining 10 yilligiga bag‘ishlab Oliy komissar boshqarmasi bilan birgalikda global forum o‘tkazishni taklif etdi. Shuningdek, o‘qitish tizimini rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar jamg‘armasiga o‘z hissamizni qo‘shmoqchi ekanligimizni ham ma’lum qildi. Ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar mamlakatimizda misli ko‘rilmagan shiddat bilan amalga oshirilmoqda.
Albatta, bu borada kamchiliklarimiz yo‘q emas. Ammo izchillik bilan olib boriladigan tadbirlar ushbu kamchiliklarni bartaraf qilish imkonini beradi.
Mamayunus Pardayev,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori, iqtisodiyot fanlari doktori.