Inspeksiya urgutlik o‘qituvchilar va sektor rahbarlari uchun seminar o‘tkazdi

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2020 yil 6 noyabrda qabul qilingan “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashda sektorlar rahbarlari va umumta’lim maktablari direktorlari oldida turgan vazifalar yuzasidan amaliy seminarlar o‘tkazdi.

– Seminar davomida mazkur hujjatlar ijrosi yuzasidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar haqida fikrlashib oldik, – deydi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i G‘.Boboxolov. – Afsuski, shu jarayonda tumandagi 83, 87, 109, 110, 125, 145-maktablar rahbarlarining ushbu farmon va qaror mazmun-mohiyatidan bexabarligiga guvoh bo‘lib, yoqa ushladik.

  Shuningdek, seminarlar doirasida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tomonidan tumandagi 80, 103, 121-umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.