Institutda ochilgan xalqaro ta’lim fakultetida xorijlik talabalarga zarur sharoit yaratilganmi?
Oliy ta’lim muassasalarini top-1000 talikka kiritishning bir sharti o‘quv yurtida xorijdan kelib o‘qiydigan talabalarning bo‘lishidir. Ammo hali O‘zbekistonda biror oliy ta’lim muassasasi top-1000 talikka kiritilgani yo‘q. Demak, bu borada xorijlik talabalarni OTMlarga jalb etish, ularning o‘qishi uchun sharoit yaratishda muammolar yo‘q emas.
Samarqand davlat tibbiyot institutida 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab xalqaro ta’lim fakulteti ochildi. Fakultetga Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va Polsha davlatlaridagi oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma dastur asosida 152 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi.
Shuningdek, fakultetda hali O‘zbekiston tibbiy ta’lim sohasiga kiritilmagan klinik psixologiya yo‘nalishi tashkil etildi. Ushbu yo‘nalish I.N.Ulyanov nomidagi Chuvash davlat universiteti bilan qo‘shma dastur asosida hamkorlikda ochildi. Fakultetda bakalavrlar uchun davolash ishi, stomatologiya, pediatriya ishi, oliy hamshiralik yo‘nalishlari mavjud.
Bundan tashqari, institutga Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Pokiston, Hindiston, Afg‘oniston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlaridan 450 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi.
- Ular talabalar turar joyida yashayapti, - deydi xalqaro ta’lim fakulteti dekani Mansur Aliyev. – Xorijlik talabalarga darslar MBBS yo‘nalishida tashkil etilgan. MBBS – Medical Bachelor/Medical Surgeon (Tibbiyot bakalavri/Tibbiyot xirurgi) darajasi Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlarda tan olinuvchi xalqaro e’tirof etilgan tibbiyot mutaxassisligi bo‘lib, ushbu mutaxassislikni egallagan talabalar sog‘liqni saqlash sohasida shifokorlik kasbida faoliyat ko‘rsatishlari mumkin. O‘qish davomiyligi 5 yil. Shu davr ichida talabalarga tibbiyotning eng asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha zarur bo‘lgan zaminiy va klinik fanlardan amaliy hamda nazariy mashg‘ulotlar ingliz tilida olib boriladi. Professor-o‘qituvchilarning 80 foizi mahalliy, 20 foizi chet ellik mutaxassislardir.
Institut professor-o‘qituvchilari xorijiy talabalarga dars berishi uchun dastlab ingliz tilini o‘rgatuvchi maxsus kurslarda o‘qitilib, xalqaro sertifikat olgan. Xorijdan kelgan professor-o‘qituvchilar ham ingliz tilida dars beradi. Qisqasi, xorijlik talabalar uchun dars mashg‘ulotlari to‘liq ingliz tilida olib borilmoqda.
Xorijlik talabalar hayoti bilan tanishish maqsadida ular istiqomat qilayotgan 1-sonli talabalar turar joyida bo‘ldik. Institutda uchta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, ushbu yotoqxonada mahalliy talabalar hamda pokistonlik o‘g‘il-qizlar yashar ekan.
Talabalar turar joyidagi xonalar 2 kishiga mo‘ljallangan, zamonaviy jihozlangan. Har ikkita xona uchun alohida yuvinish xonasi va hojatxona, kir yuvish uchun umumiy maxsus xona mavjud. Yigit-qizlarga alohida oshxonalar bo‘lib, unda pokistonlik talabalarga uch mahal halol milliy taomlar tayyorlanadi. Oshpazlar Pokistondan kelgan.
- Biz Samarqandda standartlarga mos halol sifat sertifikatiga ega mahsulotlar topishga qiynaldik, - dedi 1-kurs talabasi Muhammad Sale.
- Darslar qiyinchilik tug‘dirgani yo‘q, 5 mahal namoz o‘qishga vaqt topiladi, - dedi 1-kurs talabasi Nageyen Varda. – Bizga barcha sharoitlar yaratilgan. O‘zbeklarning milliy taomlaridan palov, lag‘mon, kabob menga juda manzur bo‘ldi.
- O‘zbekistonga kelishimga ota-onam qarshilik qilgani yo‘q, - dedi 1-kurs talabasi Xemera Shakil. – Ular mening shifokor bo‘lishimni istashadi. Sizning davlatingiz har tomonlama ma’qul bo‘lgani uchun bu yerda tahsil olyapman.
Xorijlik talabalarning ayrimlari Samarqandda qolib, doktorlik darajasigacha ta’lim olishni davom ettirish niyatida ekanini bildirdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, bizdagi shart-sharoit va ta’lim sifati xorijlik yoshlarga ma’qul.
Institutda xorijlik talabalar to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydi.
Xurshida Ernazarova.