Internetsiz kun qanday bo‘ladi?..
Bir necha soatlar davomida "gigant" internet tarmoqlari ishlamay qoldi: Feysbuk, Vatsap, Instagramm...
Ularning egalari, masalan, Mark Sukerberg (Feysbuk) 6,6 milliard dollar mablag‘ yo‘qotib, "kambag‘allashib" qolganligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumotlar tarqalyapti.
Bir fikr xayolimda aylanib yuribdi, deng: “Internet butunlay ishlamay qolsa, nima bo‘ladi?”
Buning yaxshi va yomon tomoni bor ekan.
Yaxshi tomoni oilamizga, yaqinlarimizga, hamkasblarga ko‘proq vaqt ajratish imkoni paydo bo‘ladi. Mehr-oqibat qaytadi.
Yuqoridan beriladigan va zudlik bilan bajarilishi lozim bo‘lgan "o‘ta muhim" ishlar to‘xtab, demak "insult va infarkt"ga chalinadiganlar kamayib, shifokorlarga ish yengillashadi.
"Dejurniy" tabriklar o‘tmay qoladi, hech bir xabarni "pereslat" qilolmaysiz, demak, gaplashishga, uchrashishga, muloqot qilishga majbur bo‘lasiz.
Yaqinda maktabda bo‘lgan majlisda faxriy, hurmatli bir ustoz ota-onalarga tanbeh bergandi - hozirgi bolalar muloqot qilishni bilmasmish - bunga biz, ota-onalar aybdor ekanmiz. "Telefondan biroz chalg‘ib, farzandingiz tomonga ham qarab qo‘ying!", degandi ustoz.
Haq gap. Yoki telefon va internet butun borlig‘imizni chirmab olgani yolg‘onmi?
Yana bir haqiqat - uzoqdagi keksa ota-onamiz va yaqinlarimizga har zamonda bir telefon qilib qo‘yib, ko‘nglimizni xotirjam qiladigan bo‘ldik... Demak, hammasi yaxshi. "Bog‘dodda hammayoq tinch!". Zimmamizdagi burch va mas’uliyat bajarildi, hisobi...
Ota-onalarimiz g‘animat, yaqinlarimiz omonat, bu dunyo "sinovli, 5 kunlik" ekani yodimizdan ko‘tariladi ba’zida.
Ishni deya bir hamkasbimiz kasallikka chalindi va olamdan o‘tdi - qalami o‘tkir edi...
Afsuski, ishdan ortib, uni holidan xabar oladiganlar topilmadi, "O‘lishini hech kim kutmagandi, g‘aflatda qoldik!" deyishdi.. Ajal so‘rab keladimi?
Ish ko‘pligidan emas, oqibat yo‘qligidan shunday bo‘ldi aslida!
Kechqurun hamma bir dasturxon atrofida jamlanadi - kechki ovqat tanovul qilinadi. So‘ng ota Feysbukda, ona Telegrammda, bolalar Instagrammda band...
Ishxonada ham shunday - bo‘sh vaqt topildi deguncha "internetda nima gap?"...
Bir tanishim maqtanib qoldi - keksa onasiga internetdan qanday foydalanishni o‘rgatibdi - hozir onasi uni telefon qilib, ko‘pam bezovta qilavermas ekan.
Anna, xolos! Biz ana shunday vaziyatga kelib qoldik!
Ko‘pchilikda internetdan foydalanishda "immunitet" yo‘q!
U bebaho umrimizni, vaqtimizni o‘g‘irlayapti. Toki, undan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganmas ekanmiz, shunday bo‘laveradi - bebaho kashfiyot zararimizga ishlayveradi.
Biz "atomning kuchini o‘tin yorishga" sarflamaylik!
Hozircha Paveljonga rahmat aytamiz! (Telegramm asoschisi Pavel Durov) Ko‘z tegmasin, telegramm binoyidek ishlayapti.
Feysbukda "ishlamasak", Telegrammda "ishlab" turamiz! Hayot to‘xtab qolmaydi!
Baribir, INTERNETsiz yashash og‘ir bo‘larkan, o‘ylab qarasak!
Ne’matlarning shukrini qilaylik!
Nima dedingiz?
Gulchehra Berdiyorova, SamVMI axborot xizmati.