Iqtidorli yosh xodimlarni tanlash uchun “Kelajak liderlari” klubi tashkil etiladi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligida davlat tashkilotlarida mavjud bo‘lgan vakant o‘rinlarni ochiq mustaqil tanlovlar asosida iqtidorli xodimlar bilan to‘ldirish maqsadida vacancy.argos.uz sayti ishlab turibdi. Endi fuqarolar ob’yektivka (ma’lumotnoma) ko‘tarib ish izlab tashkilotlar eshigini qoqmaydi, shunchaki o‘zining shaxsiy smartfoni yoki kompyuteri orqali ushbu saytga kirib, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha e’lon qilingan vakant lavozimga hujjat topshiradi. Bunda fuqarodan faqatgina ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi. Ortiqcha qog‘ozbozlik, ovoragarchiliklarga yo‘l qo‘yilmaydi. Yangi tizimning ishga tushishi byurokratiya va korrupsiyani oldini olishda muhim vosita hisoblanadi.
Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali tomonidan jami 150 marta vakant lavozimlarga ochiq tanlovlar e’lon qilindi. Shundan 101 tasi yakunlangan bo‘lib, 69 tasi bo‘yicha g‘oliblar aniqlanmaganligi sababli qayta e’longa berilgan. 30 ta vakant lavozim bo‘yicha tanlov g‘oliblari aniqlangan. Ushbu tanlovlarda ishtirok etayotgan va tanlov g‘olibiga aylanayotganlarning 30 foizi 30 yoshgacha, 50 foizi 40 yoshgacha va 20 foizi 40 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolarni tashkil etmoqda. Bu esa o‘z navbatida yoshlarimizda davlat fuqarolik xizmatiga bo‘lgan ishonchning oshishiga hamda davlat organlari va tashkilotlarida mavjud vakant lavozimlarni bilimli, iqtidorli va munosib nomzodlar bilan to‘ldirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Filial tomonidan yoshlarni davlat xizmatiga qiziqtirish, davlat organlari va tashkilotlari hamda muassasalarida yoshlar uchun davlat fuqarolik xizmati faoliyati bilan bevosita tanishishga yo‘naltirilgan “Ochiq eshiklar kuni”, “Open public service” hamda oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi kurs talabalari bilan ish beruvchilarning uchrashuvlari va ochiq muloqotlari tashkil etilyapti. Shuningdek, yoshlar orasidan istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish, tashabbuskor, joylardagi muammolarni hal etishda faol ishtirok etuvchi, rahbarlik lavozimlariga munosib yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida agentlikning viloyat filiali tomonidan “Kelajak liderlari” klubini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Barno Yuldosheva,
filial inspektori.