Iqtisodchi olim Nafas Bozorovning izdoshlari ko‘p

Hayotimiz davomida maktabdan boshlab, to oliy ta’lim dargohini tugatganimizcha ko‘plab insonlar ustozlik qiladi. Ularning hammasi ham qalbimizdan chuqur joy olmaydi. Ammo shunday insonlar borki, ular sizga ham ilmda, ham hayotda saboq berib, o‘z ilmiga bo‘lgan muhabbatni oshirgan, o‘zining ortidan ergashtirgan. Akademik Nafas Bozorov ham ana shunday fidoyi ustozlardan biri edi.
Nafas Bozorov oliy dargohda ish boshlagan vaqtidayoq fan sirlarini ochish, ularni hayotga tadbiq etish uchun mehr bilan o‘qib o‘rganish zarurligini his etdi. Uni ishlab chiqarishda mehnatni me’yorlash va tashkil etish muammolari qiziqtirardi. Ana shu mavzuning hali o‘rganilmagan qirralarini tadqiq qilishga kirishdi. Tadqiqot jarayonidagi izlanishlarni dunyo iqtisodiyoti yangiliklari va zamonaviy texnologiyalar bilan birga olib bordi. Yonidagi shogirdlariga ham o‘z ilmiy qarashlarini o‘rgatdi, ulardan o‘rgandi ham.
Taniqli iqtisodchi olim Nafas Bozorov qariyb 40 yil davomida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib keldi. Shu yillar davomida «Mehnat samaradorligining iqtisodiy mohiyati va samaradorlikni oshirish yo‘llari» mavzuida ilmiy izlanishlar olib bordi. Natijada 155 ta ilmiy ishlar yaratildi. 4 ta monografiya, ko‘plab maqolalar chop etildi. Shuningdek, u ko‘plab uslubiy qo‘llanmalarning ham muallifi bo‘ldi.
Ko‘pgina xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Ustozning ma’naviy va amaliy ko‘magida iqtidorli yoshlar fan nomzodligi va doktorlik dissertatsiya ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildi.
N.Bozorov 1997 yilda Xalqaro axborotlashtirish akademiyasi a’zoligiga qabul qilingan bo‘lsa, 1999 yilda yana xalqaro mehnat va bandlik akademiyasi a’zosi hamda ikkinchi marta akademik unvoniga sazovor bo‘ldi. Oddiy o‘zbek olimining xalqaro ilmiy jamoatchilikda tan olinib, mashhur bo‘lishi nafaqat Samarqand davlat unversiteti inson resurslarini boshqarish kafedrasi jamoasining, balki butun mamlakatimizning faxridir.
Bugungi kunda N.Bozorovning shogirdlari u kishining ilmiy izlanishlarini davom ettirib, mamlakatimizning barcha jabhalarida faoliyat yuritmoqda. Ustozning porloq xotirasi, amalga oshirgan ishlari, shogirdlariga g‘amxo‘rligi doim qalbimizda xotirlanadi.
N.Arabov, professor, B.Bozorov, dotsent.