Iqtisodiy sud ish yurituvi protsessual asoslar takomillashmoqda
Joriy yilning 1 aprelidan qonuniy kuchga kirishi belgilangan Iqtisodiy protsessual kodeksda iqtisodiy sud ishlarini yuritish tartibi takomillashtirilgan bo‘lib, apellyasiya va kassatsiya instansiyalari bosqichida ish yuzasidan yuqori sud instansiyasi tomonidan yakuniy qaror chiqarish kafolatlari mustahkamlangan. Shu tariqa, fuqarolarimizning sudma-sud sarson bo‘lib yurishiga barham beriladi.
Misol uchun, amaldagi Xo‘jalik protsessual kodeksining 170-moddasi ikkinchi qismida qayd etilgan apellyasiya instansiyasi tomonidan hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asos bo‘lishi va ishni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish holatlari belgilangan. 188-moddasi uchinchi qismida esa protsessual qonun buzilish holatlari, ya’ni sud hal qiluv qarorini qabul qilishda qaysi qonun hujjatiga amal qilganligi hal qiluv qarorida ko‘rsatilmaganligi, sud arz qilingan talab bo‘yicha qaror qabul qilmaganligi kassatsiya instansiyasi tomonidan quyi sudning hal qiluv qarorini bekor qilishi uchun asos bo‘lishi va ishni yangidan ko‘rish uchun yuborilishi mumkinligi ko‘zda tutilgan.
Yangi Iqtisodiy protsessual kodeksda bu borada alohida norma kiritildi. Unga ko‘ra, apellyasiya va kassatsiya instansiyalarida birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorlari qayta ko‘rib chiqilishiga sud ishida ishtirok etmagan shaxslarning huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilinganligi sabab bo‘lishi mumkin.
Orifjon NURIMOV,
viloyat iqtisodiy sudi sudyasi.