Iqtisodiyot yo‘nalishidagi texnikumlarni bitirgan yoshlar imtihonsiz, 2-bosqichdan Fiskal institutiga qabul qilinadi
Keyingi 4 yilda mamlakatimizda barcha sohalarda juda katta islohotlar amalga oshirilmokda. Xususan, soliq tizimida ham yangi bosqich boshlandi. Prezidentimiz qarorlari bilan soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilinib, tizimda islohotlarning asosiy yo‘nalishlari belgilandi va bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.
Bu borada Prezidentimizning joriy yil 4 noyabrdagi “Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institutni tashkil etish” to‘g‘risidagi qarorini alohida ta’kidlash o‘rinli. Negaki, qayd qilingan hujjat asosida DSQ Malaka oshirish markazi negizida Fiskal institut tashkil etilmoqda.
Maqsad soliqqa tortish va moliyaviy nazorat sohalari uchun bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni kredit-modul tizimi asosida tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini takomillashtirishdan iborat. Muhimi, kadrlar tayyorlash borasida xorijiy davlatlarning soliq organlari va o‘quv muassasalari bilan tajriba almashishni kengaytirish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarni amalga oshirish, o‘quv-ta’lim jarayoniga xorijiy olimlar va mutaxassislarni faol jalb qilish, byudjet daromadlarini shakllantirishda davlat manfaatlarini hamda soliq to‘lovchilarning huquqlarini ta’minlay oladigan kadrlarni tarbiyalash yo‘lga qo‘yiladi.
2018 yilning birinchi yarmigacha soliq tizimiga mutaxassislar tayyorlab kelgan Soliq akademiyasi yopiq turdagi ta’lim maskani bo‘lib, talabalikka faqatgina Buxoro, Farg‘ona va Toshkent soliq kollejlari bitiruvchilari qabul qilinar edi. Tinglovchilar kontengenti chegaralangani va tanlab olinadigan talabalar faqat yuqoridagi 3 ta kollej bitiruvchilaridan iboratligi tufayli kirish bali past bo‘lardi.
Hozirda Buxoro, Farg‘ona va Toshkent soliq kollejlari texnikumga aylantirildi. Ularda o‘qiyotganlar Fiskal institutga kiradigan bo‘lsa, texnikumda olgan bilimlarini qayta takrorlamasligi uchun texnikumlar va Fiskal institutda o‘qitiladigan dasturlar tartibga keltirilmoqda.
Fiskal institut soliq sohasida ishlashni xohlagan barcha yoshlarning testlarda qatnashishi va barcha xohlovchilarning o‘qishga kirishiga imkon beradi.
Asosiysi, to‘rt yillik tahsilning so‘nggi yilida talaba mashg‘ulotlarni doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalarida amaliyot o‘tash bilan birga olib boradi. Ya’ni, talaba institutda olgan uch yillik bilimini amaliyot bilan bog‘lab, o‘z iqtidori va bilimini mustahkamlashi, ijobiy tomondan ko‘rsatib, institutni tamomlagach, doimiy yashash joyidagi davlat soliq inspeksiyasida ishga qabul qilinishi uchun imkon beriladi.
Bundan tashqari, iqtisodiyot yo‘nalishidagi texnikumlarni bitirgan yoshlar imtihonsiz, yakka tartibdagi suhbat asosida Fiskal institutining 2-kursidan qabul qilinadi.
Nasriddin JAYSANOV,
DSQ Malaka oshirish markazi viloyat filiali bo‘lim boshlig‘i.