Iroq tadbirkorlari O‘zbekiston mahsulotlariga katta qiziqish bildirmoqda
Viloyat hokimligida viloyat hokimi Adiz Boboyev O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Iroq Iqtisodiy kengashi raisi Ibrohim Madlul Uvayd Ma’sudiy boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Qariyb 40 million aholiga ega bo‘lgan Iroq davlati deyarli barcha turdagi tayyor mahsulotlari, oziq-ovqat, murakkab qurilish materiallarigacha bo‘lgan tovarlarni import hisobidan qoplaydi. Bu esa mazkur bozorda O‘zbekiston mahsulotlarining munosib o‘rin egallashiga imkon yaratadi.
Uchrashuvda Iroq tomoni qadimiy Samarqandga katta qiziqish bildirib, uning boy tarixi va madaniy merosi haqida ko‘p o‘qiganini ta’kidladi. Mehmonlar asrlar davomida sivilizatsiyalar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qilgan ushbu shaharda bo‘lishdan mamnun ekanliklarini bildirdi.
Tomonlar sanoat ishlab chiqarish, oziq-ovqat va farmatsevtika sohalari, qishloq xo‘jaligi, energetika hamda turizm yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Eksport salohiyatini mustahkamlash, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmlarini oshirish va yetkazib berilayotgan mahsulotlar turini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Iroq xalqlarini o‘xshash an’analar, ma’naviy qadriyatlar hamda tarixiy yaqinlik birlashtirib turishi qayd etilib, bu uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish uchun mustahkam zamin ekani ta’kidlandi.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Iroqdan 150 ga yaqin tadbirkor ishtirokida biznes-forum o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mehmonlar uchun viloyatning yetakchi sanoat korxonalari hamda Samarqandning tarixiy-madaniy obidalari bo‘ylab sayohat tashkil etiladi.