Ishlab, ish bilan band emas, ammo ishsiz ham bo‘lmagan shaxslar haqida yoki frilansing nimani anglatadi?

Yurtimizda biror korxona, idora yoki tashkilotda o‘ziga qulay ish topolmasdan yurgan, doimiy ish haqiga ega bo‘lmagan, biroq turli mavsumiy mehnat bilan band bo‘lgan yoki oilasida tomorqa bilan shug‘ullanib, daromad topadiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ammo ularning faoliyati hech qayerda qayd etilmasdi. Bu esa shu toifadagi aholining pensiya yoshiga yetganda nafaqa tayinlash uchun talab qilinadigan mehnat staji yo‘qligi muammosini keltirib chiqardi.

Ular biror joyda faoliyat ko‘rsatadi, daromad topadi, ammo rasman qayd etilmagach, ishsiz hisoblanadi. Bunday shaxslar ishlab ish bilan band emas va ishsiz ham emas.

Bu ijtimoiy muammoga Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 iyuldagi “O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasi berish tartibi to‘g‘risida”gi hamda Prezidentimizning 2020 yil 8 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari barham berdi.

Keling, holatni batafsil tahlil qilaylik.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga mehnat guvohnomasi mehnat organlari tomonidan ularning doimiy yashash joyidan qat’i nazar, faoliyat ko‘rsatayotgan joyida pulli asosida beriladi. Demak, rasman yollanib yakka tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmagan, o‘zi ishlab, birovning mehnatidan foydalanmaydigan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etadigan fuqarolar o‘zini o‘zi ish bilan band qilgan aholiga kiradi. Shuningdek, ish va xizmatlarni ko‘rsatishda faoliyatini mustaqil amalga oshiradigan, shu yo‘l bilan daromad topadiganlar vaqtinchalik mehnat guvohnomasi beriladigan shaxs hisoblanadi.

Yuqoridagi prinsip asosida vaqtinchalik mehnat guvohnomalari berilgan sanadan boshlab pensiyani hisoblab chiqqunga qadar amal qiladi. Ushbu hujjat uning mehnat stajiga asos bo‘lib hisoblanadi. O‘zini o‘zi band qilgan maqomiga ega bo‘lgan bunday fuqarolarni tashkilotlar tomonidan shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatish  bo‘yicha faoliyatga jalb qilish mumkin. Faqat bitta xususiyati, bunday fuqarolar mehnatiga haq to‘lash yagona ijtimoiy to‘lovni hisoblab chiqish ob’yekti hisoblanmaydi. Demak, ularga to‘langan ish haqi umumiy ish haqi fondiga kiritilmaydi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 iyulda “O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasi berish tartibi to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingandi. Bu hujjatda “vaqtinchalik mehnat guvohnomalari berilganligi uchun to‘lov undirishdan tushgan mablag‘ning 60 foizi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga - o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro tomonidan yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lash hisobiga yo‘naltiriladi. 20 foizi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga, 20 foizi tuman va shaharlar byudjetlariga yo‘naltirilishi belgilangan. O‘zini o‘zi band qilgan fuqaro bu hujjatga asosan vaqtinchalik mehnat guvohnomasi amal qiladigan davrda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan ishsizlik bo‘yicha nafaqani va kasbga o‘qish davrida stipendiyani ololmaydi.

Soliq kodeksiga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi. Ushbu holatda o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlagan aholining daromadlaridan soliq ushlanmaydi. Bu ham aholiga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘lib hisoblanadi. Shu yo‘l bilan ham aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi.

Prezidentimizning 2020 yil 8 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2020 yil 1 iyuldan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatga olish xabar berish tartibida amalga oshiriladi. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR-kod) beriladi. Bu ushbu shaxsga maxsus mobil ilova yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi. Agar shunday bo‘lsa, oldingi qaror bilan belgilangan vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini berish tartibi bekor qilinadi.

Amaldagi tartib bo‘yicha, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, ishtirokchilari soni kamida uch nafar bo‘lgan oilaviy korxonalar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan va topgan daromadidan qat’i nazar aylanmadan soliqni bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizini to‘laydi.

Ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va undan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi. Shu bilan birga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yollanma ishchilarni jalb qila olmasligi hamda ish beruvchiga ega bo‘la olmasligi to‘g‘risidagi talab saqlanib qoladi. Bunday shaxslarda imkoniyatlar paydo bo‘lishi bilan tadbirkorlik faoliyatini ochib, aholining tadbirkorlik qatlamiga o‘tishi mumkin.

Yuqoridagi qarorda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni frilansing, deb atalishi va mos ravishda ularga bir qancha huquqlar berilishi ko‘zda tutilgan. Xo‘sh, bu atama nimani anglatadi?

Bu so‘z ingliz tilidan tarjima qilinganda erkin xodim (erkin ishchi) ma’nosini anglatadi. Bunday xodimlar ishlarini (xizmatlarini) masofadan turib axborot kommunikatsiya resurslari, ommaviy axborot vositalari va o‘zlarining shaxsiy uzatuv vositalari yordamida o‘zlari tavsiya qiladi. Bu xizmat birovlarning ishtirokisiz ikki tomonlama amalga oshiriladi. Hozirgi paytda bunday xizmat turlari G‘arbiy Yevropa va AQShda keng tarqalgan. Bunday xizmatga bizda ham ehtiyojlar bor. Demak, endi bizda ham rivojlanadi.

Xulosa qilib aytganda, o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlashning mohiyati hamon to‘liq ochib berilmagan va yangi tushuncha bo‘lgan frilansing tushunchasining mazmuni haqida deyarli tadqiqot olib borilmagan ekan. Bularni inobatga olib, o‘zini o‘zi ish bilan band qilish va frilansing tushunchalarining mazmuni rasmiy manbalarga tayangan holda ochib berildi va ularni amalga oshirish mexanizmlari yoritildi.

Mamayunus Pardayev,

SamISI professori.