Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ishlamagan... tishlamasin-da! Obi-rahmatlik Xurram bobo Murodovning deganlari

Xudoning inoyati bilan ming oy umr ko‘rdim, ikkita tuzumni boshdan o‘tkazdim, o‘ndan ziyod davlat rahbarlari siyosatiga guvoh bo‘ldim. Shu sababdan avlodlarimga bir so‘z aytishga ma’naviy haqim bor, deb o‘ylayman. Yana ham aniqroq qilib aytadigan bo‘lsam, jamiyatimizda menga o‘xshaganlarning ibratiga, so‘ziga ehtiyoj kuchayganini sezyapman. Shuning uchun sizlarga 83 yoshli taqdirimning o‘zim taskin olgan tomonlarini aytib bermoqchiman.

Samarqand shahridagi Obi-Rahmat mahallasida tug‘ildim, o‘sdim, otam Qudrat charmgar kasbini egallab kam bo‘lmadim. Hozirgi yoshlar qo‘liga diplom olgach yoki bir kasbni egallagach dabdurustdan hamma ehtiyojini qondiradigan maosh talab qilishyapti. Biz esa... avvaliga kuno‘tariga, keyinchalik ro‘zg‘or tebratishga ishlaganmiz, chunki boylik orttirish to‘g‘risida hatto xayol qilmaganmiz. Ortiqcha pul inson ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bilganmiz. Buni otamiz, onamiz misollar bilan qulog‘imizga quyishgan.

Men qariyb 70 yil charmgarlik qildim. Terini aholidan terib keldik, uni oshladik, pishirdik, bo‘yadik, Siyob arig‘i bo‘yida tozalab yuvib, charmdan mahsi va boshqa poyabzallar tikdik. Har kuni bir ishni qilsak-da, qanoat ayladik, kasbimizdan zavqlandik. Mana bugun ana shu zahmatlarim mevasini ko‘rib turibman: kasbdoshlarim ardog‘idaman, oilamdan roziman, hayotimdan ko‘nglim taskinda.

Albatta, har kimning taskini har xil. Birov mansabga minib, birov katta davlat to‘plab, birov bolasini lavozimga qo‘yib huzur qiladi, baxtim shu deb o‘ylaydi. Ammo men uchun o‘z qishlog‘imda, mahallamda yuzimning yorug‘ bo‘lishi, farzandlarim kamolini ko‘rishim doimo eng katta baxt bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘im Zuhraxon bilan (joylari jannatdan bo‘lsin, 2007 yilda vafot etdi) to‘rt o‘g‘il, uch qizni ana shu niyatlar bilan voyaga yetkazdik. Biz uchun o‘g‘il-qizlarimizning biror kasbni egallashi, xalqqa xizmat qilishi hamisha g‘urur bag‘ishlagan. Negaki, kasbi bor odam birovga muttaham bo‘lmaydi, elga foydasi tegadi. Men buni o‘z taqdirim misolida ko‘rdim.

Xotinim bilan qancha ko‘p ishlasak, farzandlarimiz yonimizda turishdi. Zuhraxon Galaosiyoning eng mohir novvoylaridan biri edi. Xamir qorsa, choy uzatdim, non yopaman desa, tandirini qizdirdim. U ham menga charmlarni saralashda, tayyor mahsulotni sotishda ko‘maklashdi. Farzandlarimning hammasi charmgarlik bilan novvoylikni o‘z iqtidoriga yarasha o‘zlashtirib olishdi. Muhimi, onasi va mening yordamimda ro‘zg‘ordagi barcha ishlarni o‘zlari qilishni o‘rganishdi.

Bugun katta o‘g‘lim Ilhomjon Samarqand kulolchilik maktabining zabardast vakili, Badiiy akademiya a’zosi. Yaqinda Moskvada «Tyubeteyka» («Do‘ppi») festivalidan dunyo hunarmandlari qatorida ishtirok etib, obro‘ bilan qaytdi. Sal oldinroq Farg‘onada o‘tkazilgan “Xalqaro hunarmandchilik festivali”da ham sovrindor bo‘ldi. 2019 yilda «Tashabbus-2019» ko‘rik-tanlovi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Aytingchi, qaysi ota o‘z farzandining ana shunday yutuqlaridan quvonmaydi?!

Faqat bugina emas, Ilhomjon o‘g‘li Mehrojni ham o‘z maktabida tarbiyalay oldi. Bu nevaramda tashabbuskorlik, fikrlash kuchliroq, ilmi ham yomon emas. Ayniqsa, millatimiz tarixiga muhabbati nihoyatda kuchli. Qachon qaramang, kulolchilikka oid kitoblarni varaqlab o‘tiradi. U ham Badiiy akademiya a’zosi, bundan tashqari Osiyo va Tinch okeani hunarmandlar assotsiatsiyasi a’zosi ham. 2019 yilda Moskvada, undan keyin Bishkekda “Hunarmandlar xalqaro festivali”da ishtirok etgan.

Mehrojning orzulari nihoyatda ulug‘. U charmgarlikning men ulgurmagan sohalarini qilmoqchi. Ya’ni, sifatli charmdan kitoblarga muqova yasashni yo‘lga qo‘ymoqchi. Yonimizda Zarif Muhtorovning Samarqand qog‘ozi fabrikasi bor. Ular o‘zaro kelishib, endi yaxshi kitoblarga chiroyli, bejirim va uzoq vaqt saqlanadigan charm muqovalar yasash ustida ishlashyapti. Mehroj buning uchun boshqa davlatlar tajribalarini o‘rganyapti.

Darvoqe, Mehrojning o‘g‘li Temur Ilhomov kulolchilar sulolamizning uchinchi avlodi hisoblanadi. U hali 3-sinfda o‘qiydi. Lekin allaqachon «Mohir qo‘llar» respublika tanlovida g‘oliblikni egallab, bobosi va otasi kasbiga da’vogarlik qilyapti. Yana bir o‘g‘lim Ikrom oshpaz, uni nafaqat Samarqand shahrida, boshqa viloyatlarda ham yaxshi tanishadi. Turli davlat tadbirlarida, festivallarda osh pishiradi. Ibrohim esa mashina ustachiligini tanladi. Farzandlari bilan texnika vositalariga zamonaviy texnologiya asosida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ygan.

Qizlarim ham, Xudoga shukrkim, ota-ona izidan borishdi. Kenja qizim Dilbar oilaviy poyabzal sexi ochgan. Bir necha yildan buyon aholini haqiqiy charmdan yasalgan sifatli oyoq kiyimlari bilan ta’minlab kelyapti. O‘g‘li Damirjon dastlab Toshkentdagi Turin universitetini bitirib, AQShda poyabzal mashinalarini ishlatish va sozlash bo‘yicha mutaxassislikka o‘qib keldi. Nasib etsa, onasining yonida turib poyabzal fabrikasini rivojlantiradi.

Hamma farzandlarim va nabiralarim haqida gapirib o‘tirmoqchi emasman. Chunki ular ham hech kimdan, davlatdan ham, mahalladan ham, begonadan ham yordam so‘rashmaydi. Chunki biz ularga mehnat qilishni, mehnat orqali ro‘zg‘orini but qilishni o‘rgatganmiz. Ammo televizor orqali (telefon kovlashga vaqtim yo‘q) ayrim noshudlarning bilagida kuchi, ko‘zida nuri, to‘rt-besh sotix yeri, uch-to‘rt nafar farzandi bo‘la turib davlatdan yordam so‘rab turganini ko‘rib, to‘g‘risi, xafa bo‘lyapman. Nima uchun biz ishyoqmasni boqishimiz kerak?! Nima uchun biz tavsiya etgan ishga bormagan odam bilan murosa qilishimiz kerak?! Axir butun dunyoda (hatto AQShda ham) ishlamagan, ishlashni istamagan odamlarga muruvvat ko‘rsatilmaydi-ku!

Bugun davlatimiz rahbari qimirlagan, ozgina bo‘lsa-da, mehnat qilgan odamga daromad qilish imkoniyatini yaratib berdilar. O‘zini bilgan, hurmatini saqlagan, qalbida shijoati bor odamlar halol mehnati bilan ro‘zg‘orini butlayapti, boy bo‘lyapti. Men ana shunday yurtdoshlarim bilan faxrlanaman. Va ularning safi kengayib borishini istayman.

Xullas, meni fikrim shu: ishlamagan... tishlamasin!