Ishlar ko‘p, vazifalar undan kam emas
Joriy yil xalq deputatlari viloyat Kengashining doimiy komissiyalariga vakolatlar, vazifalar va ayniqsa, ishonch juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati bilan doimiy aloqa o‘rnatildi.
Bundan tashqari, 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan irrigatsiya va melioratsiya ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya ob’yektlarini ta’mirlash, tiklash loyihalari doimiy komissiyamizda dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Masala keyinroq xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilindi.
Ushbu jarayonlardagi mas’uliyatni to‘la his etmayotgan, saylovchilar oldiga kirib borolmayotgan deputatlarimiz va soha rahbarlari ham uchrayotganligi kishini biroz ranjitadi. Xususan, komissiyamiz a’zolari To‘lqin Tojiqulov, Lobar Mo‘minova va Erkin Sherovlar shu kunga qadar o‘zlari saylangan hududdagi ahvol haqida viloyat Kengashi sessiyasida tasdiqlangan anketa savollariga javob bermagan.
Albatta, ular faoliyatini yaxshilash bo‘yicha taklif va tafsiyalar berildi, ijobiy o‘zgarish bo‘ladi, degan umiddamiz.
Umuman, doimiy komissiya a’zolarining faoliyatini tahlil qiladigan bo‘lsak, Sodiq Haqberdiyev eng ko‘p deputatlik so‘rovini chiqargan. Faol va tashabbuskor, lekin doimiy komissiya kotibi sifatida vazifalarini amalga oshirishdagi sustkashligi ko‘pgina ishlar yoritilmay, hujjatlashtirilmay qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Senat a’zoligiga saylangan deputatimiz Shavkat Jalolov amaliy va homiylik ishlarida ko‘pchilikka ibrat. Ayniqsa, OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z faoliyati va tadbirkorligi yuzasidan muntazam chiqishlar qilib turadi.
O‘zim deputat va doimiy komissiya raisi sifatida Bulung‘ur tumani Kengashi va saylovchilar bilan uchrashuvlarda o‘ttizdan ortiq muammolarning hal etilishiga hissa qo‘shdim.
Doimiy komissiyaning ish rejasiga ko‘ra, har oyda bittadan mutassadi tashkilotning hisoboti yoki axboroti eshitilib, zaruriy qarorlar qabul qilindi. Jumladan, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 2019 yil va 2020 yil 1-choragida olib borgan faoliyati yuzasidan boshqarma boshlig‘i D.Ochilovning hisoboti tinglandi.
Viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari F.Abilovning viloyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari sun’iy o‘sishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risidagi taqdimoti o‘tkazildi.
Ushbu masala xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n uchinchi sessiyasi kun tartibiga kiritildi va muhokama etildi.
Bundan tashqari, viloyat Kengashida qabul qilingan o‘ndan ortiq qaror ijrosini nazorat qilish doimiy komissiyamizga yuklatilgan. Ushbu qaror loyihalarining bajarilishi ustidan muntazam nazorat o‘rnatilgan va tegishli deputatlik so‘rovlari orqali natijalar olinmoqda.
Albatta, oldinda rejalar ko‘p. Misol uchun, 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan irrigatsiya va melioratsiya ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya ob’yektlarini ta’mirlash va tiklash loyihalarining 2021 yilga mo‘ljallangan qismining bajarilishini nazorat qilish eng muhim vazifalarimizdan biri.
Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish borasidagi mutassadi tashkilotlarning faoliyatini monitoring qilib borish, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari sun’iy o‘sishining oldini olish masalalari ham doimiy komissiyamiz funksional vazifasiga kiradi.
Baxtiyor ABDULLAYeV,
Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya bo‘yicha doimiy komissiya raisi.