Ishsizlarga yer ajratish qanchalik samara beryapti?

Respublikamizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xo‘jalik mahsulotlari dunyoning 90 dan ziyod davlatiga eksport qilinmoqda. Meva-sabzavot va dukkakli mahsulotlarning eksport hajmi keyingi besh yilda 2 barobarga ortdi.

Endi aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirish va qishloq xo‘jalik yerlarini ijaraga berish orqali mahsulot hajmini ko‘paytirish, qayta ishlashni tashkil etish va yerlarning unumdor  qatlamini asrash maqsad qilingan. Bu borada davlatimiz rahbarining 2021 yil 23 noyabrda “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur hujjat asosida viloyatdagi 668 ta mahallada 23,6 ming gektardan ortiq yer maydoni qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish uchun aholiga ijaraga berilgan. Jumladan, Past Darg‘om tumanida 97 ta mahallada 3438 gektar yer maydoni 11,2 ming lotga bo‘lingan holda ishsiz fuqarolar va yoshlarga ajratilgan.

Tumanimizda 3438 gektar maydonda tashkil etilgan 11,2 mingdan ortiq dehqon xo‘jaliklarining barchasiga lider tadbirkorlar biriktirilgan, - deydi kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish tuman bo‘limi shu’ba boshlig‘i Alim Toirov. – Lider tadbirkorlar yerni tayyorlashdan boshlab sifatli urug‘ bilan ta’minlash, mahsulotni xarid qilishgacha bo‘lgan jarayonda dehqonga yordam beradi. Ya’ni, dehqonlar faqat yerga ishlov berish va mahsulot yetishtirish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, tumanimizda 63 mingdan ortiq tomorqa xo‘jaligi va ular ixtiyorida 6293 gektar ekin maydoni bor. Tomorqa xo‘jaliklarining barchasida bahorgi ekinlar ekilishi ta’minlandi va ertaki ekinlardan 5666 tonna mahsulot yetishtirishi ko‘zda tutilgan. Har bir mahalladagi tomorqa xo‘jaliklariga ham yuqorida aytilgan lider tadbirkorlar biriktirilib, ular tomorqalarni sifatli urug‘ bilan ta’minlayapti va yetishtirilgan mahsulotni xarid qilmoqda.

Aholining biznes tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi

“Sayxunobod” tajribasi asosida tumanda 1071 ta mikro loyiha shakllantirildi. Amalda esa qiymati 55 milliard 767 million so‘mlik 1435 ta loyiha ishga tushirildi. Buning uchun tashabbuskorlarning 36,5 milliard so‘m o‘z mablag‘i va 19,2 milliard so‘m bank krediti jalb etilib, 2959 ta ish o‘rni yaratildi va rejadagi loyihalarning bajarilishi 135 foizni tashkil etdi.

2023 yil 31 yanvarda Prezidentimizning “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Ushbu qaror bilan aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda kichik biznes va tadbirkorlik muhitini yaxshilash, yoshlar va xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan band qilish, dasturlar bo‘yicha avval kreditlardan foydalanmagan aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga kredit ajratish belgilangan.

Shu asosda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida hokim yordamchilarining tavsiyasi bilan joriy yilning birinchi choragida 881 ta loyihaga 19,4 milliard so‘m kredit ajratildi.

Birgina qishloq xo‘jaligi chorvachilik yo‘nalishi tahlil qilinganda Chandir, Do‘stlik, Navbahor, Yangi avlod, Xonchorbog‘, Chimboy, Bog‘ishamol, Uchtepa mahallalarida aholining amaliy ko‘nikmasidan kelib chiqib, har birida 50-100 tagacha xonadonda naslli chorva mollari boqilmoqda. Yangiobod, Qo‘qoni, Beklar, Go‘zalkent, Oltiqahramon, Charxin, Ulug‘bek mahallalarida 30-50 tagacha xonadonda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida xizmat ko‘rsatish va savdo yo‘nalishlarida tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etildi. Natijada 321 nafar aholi bandligi ta’minlandi. Hokim yordamchilari bilan birgalikda 19,4 milliard so‘m kredit hisobiga 881 ta mikroloyiha amalga oshirilib, 2202 ta ish o‘rni yaratildi. Yil yakunigacha mahallalarda 3500 dan ortiq mikroloyihani amalga oshirish uchun 70 milliard so‘m kredit yo‘naltirish kutilmoqda. Bu orqali joylarda yana 1000 dan ortiq xonadonda 4 mingdan ko‘p yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Qulupnay daromadidan “Damas”

Tumanning Qo‘qoni mahallasi “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida qulupnaychilikka ixtisoslashgan. Ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan fuqarolarga ajratilgan ijara yerlarda ham dehqonlar ushbu serdaromad ekinni ekmoqda. Shu mahallada yashovchi Latofat Yo‘ldosheva ishsizligi tufayli “Yoshlar daftari”ga kiritilgandi. 2022 yilda unga 10 yil ijara muddati bilan 15 sotix yer maydoni ajratildi.

Kelinimga ajratilgan yerda birinchi yil kartoshka, loviya ekdik, ikkinchi yil hokim yordamchisining tavsiyasi bilan avval tomorqamizdagi 4,5 sotixga qulupnay ekdik, - deydi Erkin Jalilov. – Yangiyo‘ldagi dehqonlardan tajriba uchun qulupnayning serhosil navlari, daromadni oshirish, yangi va iqlimga mos navlarni o‘rgandim. Hozir Koreyaning “Min Xiyon” va “Kennesberi” navlarini ekamiz. Chunki bu nav ko‘rinishi chiroyli, bozorgir bo‘lib, ekkandan hosil beradi. Lekin har yili ko‘chatni yangilaymiz. Negaki, ikkinchi yildan qulupnay hosili maydalashib qoladi. Shuning uchun avgust oyida yangi ko‘chat ekilib, noyabrdan iyun oyigacha dugali issiqxona qilib hosil yetishtiramiz. 2024 yil noyabr oyida 30 yil muddatga yana 40 sotix yer oldik. Endi qo‘shnilarimiz, mahalladoshlar ham qulupnay yetishtirishni boshlashdi. O‘tgan yili qulupnaydan 150 million so‘m daromad, shundan 100 million so‘m sof foyda oldik va “Damas” mashinasi xarid qildik. Bu yil yer ko‘paydi, endi oilamizdagilarning barchasi shu yerda mehnat bilan band bo‘lamiz.

Tumandagi Chandir mahallasida 2700 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. 2022 yilda mahallada ishsizlik darajasi 14 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich ijaraga yer ajratish, xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, kasanachilik kabi tarmoqlarning ishga tushirilishi hisobiga 5 foizgacha qisqardi. Mahalla asosan dehqonchilik va chorvachilikka ixtisoslashgani bois xorijda ishlayotgan 100 dan ortiq mehnat muhojirlari ham kelib, imtiyozli kredit olib chorvachilik bilan shug‘ullanish istagini bildirmoqda.        

Mahalladagi 132 nafar ishsiz fuqaroga auksion orqali 87 gektar yer maydoni ajratilgan. “Surayyo Akobir” mas’uliyati cheklangan jamiyati dehqon xo‘jaliklarini sifatli urug‘ bilan ta’minlab, yetishtirilgan hosilni xarid qiladi va Turkiya, Ozarboyjon, Gruziya davlatlariga eksport qilmoqda.

Oilamizda 7 kishi yashaymiz va men yagona boquvchiman, - deydi shu mahallada istiqomat qiluvchi Sunnat Qurbonov. – 2024 yilda ishsiz fuqarolarga mo‘ljallangan yerdan 40 sotix yer oldim va loviya ekib, 1 tonna hosildan 18 million so‘m daromad qildim. Bo‘shagan yerga g‘alla ekib, 2,5 tonna don g‘amladik. Endi yerga yanada hosildor ekinlar ekish va yuqori daromad olish, yo‘llarini izlayapman.

O‘ktam Xudoyberdiyev.