Ishtixonda noqonuniy tarzda qum-shag‘al aralashmasini qazib olayotgan shaxs jarimaga tortildi

Bugun, 15 fevral kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Ishtixon tuman inspeksiyasi nazorat inspektorlari tomonidan Beshkapa mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Qoradaryo daryosining muhofaza qismida reyd kuzatuvlari olib borildi.

Kuzatuvlar davomida mazkur mahalla fuqarosi A.H. tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan yuklovchi texnika vositasi yordamida noqonuniy tarzda qum-shag‘al aralashmasini qazib olishi oqibatida ekologik qonunlarni buzilishiga sabab bo‘lib, tabiatga ziyon yetkazayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, huquqbuzar tomonidan "Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi hamda "Yer osti boyliklari to‘g‘risida"gi qonunlarning tegishli moddalari talablarini qo‘pol tarzda buzganligi hisobga olinib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 70-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va jarima qo‘llanildi.