Ishtixonda xitoylik agronom chigit ekyapti
Bu yil qancha maydonga suv tejovchi texnologiya joriy etiladi? Agrar tarmoqda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? G‘alla o‘rimiga tayyorgarlik ishlari qay ahvolda?
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi tomonidan Ishtixon tumaniga uyushtirilgan press-turda shu kabi savollarga javob oldik.
Dastlabki manzilimiz tumandagi “Muxtor Qobilov” fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Ushbu fermer xo‘jaligi tomonidan subsidiya asosida Turkiyaning “ERMAC” rusumli lazerli yer tekishlash uskunasi yaxshi samara bergan. Shuningdek, fermer xo‘jaligi tomonidan 34,8 gektar maydonga yuqori unumli “PlANTER-D4” rusumli pnevmatik seyalkada chigit ekilmoqda.
- Bu yilgi chigit ekish mavsumida viloyat bo‘yicha 1544 ta chopiq traktori, shuncha kultivator, 865 ta seyalka, 207 ta yer tekislagich, 1047 ta tishli borona mavsumga shay xolatga keltirildi, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Sanjar Qurbonov. - Viloyat bo‘yicha g‘alla o‘rish mavsumida esa jami 259 dona turli rusumdagi yuqori unumli don o‘rish kombaynlari va texnikalar jalb etilmoqda. Viloyat bo‘yicha 45 ta lazerli yer tekistlagich uskunasi olingan bo‘lib, yil yakunigacha yana 60 ta texnika xarid qilinishi rejalashtirilgan. Zamonaviy texnikalar yer holatini yaxshilash, hosil unumdorligini oshirish, eng muhimi, suvni tejalishiga xizmat qilmoqda.
Tumandagi “Maroqand Sifat Tekstil” MChJga qarashli mashina traktor parkida joriy yil g‘alla o‘rim-yig‘imida ishtirok etadigan 16 dona, paxta terimi uchun 6 dona yuqori unumli “John-Deere 9970” rusumli terim mashinalari mavsumga shay holatga keltirilgan.
- Joriy yilda tumanimizda 8370 gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi bosh mutaxassis Oybek Safarov. – Buning uchun 124 dona chigit ekish seyalkasi, 20 ta lazerli yer tekislagich, 42 chizel, 1200 dona tishli borona hamda 124 dona chopiq traktori jalb etilgan. Bugungacha 7700 gektar maydonda chigit ekish ishlari yakunlandi.
2024 yilgi hosil uchun tumanda 7648 gektar maydonda g‘alla o‘riladi va buning uchun 36 dona g‘alla o‘rish kombayni jalb etilgan. Ushbu kambaynlarni ta’mirlash uchun 1 milliard 360 million so‘m mablag‘ sarflangan.
Tumandagi “Ishtixon oltin yerlari” fermer xo‘jaligida Xitoy texnologiyasi asosida 320 gektar maydonda plyonka ostiga Chin o‘lkasidan keltirilgan yangi navdagi bir martalik tuksizlantirilgan chigit ekilmoqda. Ekish jarayonini xitoylik agronom Luan Sin Minning o‘zi boshqarmoqda. Mutaxassisning ta’kidlashicha, ularning usulida nafaqat suv tejalishiga erishiladi, balki hosildorlik ham ortadi.
Husan Eltoyev.