Islom Karimov haqida roman yozildi
Karimov Fondi noshirlik yo‘nalishida yozuvchi Luqmon Bo‘rixonning «Olov tutgan odam» nomli romanini chop etdi. Bu haqda «O‘zA» xabar berdi.
Mazkur badiiy asarda Islom Karimov Qashqadaryo viloyat kompartiyasi birinchi kotibi vazifasida ishlagan kezlardan boshlab O‘zSSR kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimiga tayinlangunga qadar bo‘lgan davr qalamga olingan. Romanda o‘sha murakkab yillarda Qashqadaryoda kechgan – ham O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti uchun, ham butun mamlakat uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan voqealar badiiy talqin etilgan.
«Islom Karimov 1986 yili iqtisodiy va ijtimoiy jabhada eng qoloq hududlardan biriga aylanib qolgan Qashqadaryoga yuboriladi. O‘sha kezlar mahalliy aholining viloyat rahbariyatiga ishonchi butkul so‘ngan edi. «Paxta ishi» deb atalgan tergov tufayli butun boshli mehnatkash xalqqa «o‘g‘ri», «poraxo‘r» kabi tuhmatlar yog‘dirilishi vaziyatni yanada murakkablashtirgan edi. Qayd etilganidek, o‘sha kezlar viloyat ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham respublikada eng quyi o‘rinlarga tushib qolgandi.
Islom Karimov oldida mushkul vazifa turar edi: u odamlardagi tushkun kayfiyatga barham berishi, xalqning ishonchini qozonib, ularda yorug‘ kunlarga umid uyg‘otishi lozim edi. Viloyatning avvalgi rahbarlari davrida «paxta ishi» bo‘yicha jazoga tortilgan xonadonlarga boshqalarning hatto yaqinlashishi ham taqiqlangan edi. Ulardan farqli ravishda, Islom Karimov adolatsizlik qurboni bo‘lgan oilalarga yaqindan doimiy yordam ko‘rsatdi.
O‘sha kezlar Markazda Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarini birlashtirish taklifi qizg‘in muhokama etilayotgandi. Aynan Islom Karimovning qat’iy sa’y-harakatlari bilan Qashqadaryo alohida viloyat sifatida saqlab qolindi.
Xalqning viloyat rahbariyatiga ishonchi asta-sekin o‘sib bordi. Qolaversa, Qashqadaryoning xo‘jalik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari yaxshilana boshladi. Shu tariqa Islom Karimovning yetakchi va xo‘jalik boshqaruvchisi sifatidagi nufuzi ham mustahkamlandi. Bu esa, pirovardida, uning respublika rahbari etib tayinlanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
«Olov tutgan odam» romanida shu kabi voqealar batafsil tasvirlangan. Muallif Luqmon Bo‘rixon asar ustida ishlash jarayonida turli hujjatlarni, tarixiy manbalarni o‘rgangan, shuningdek, qalamga olingan hodisalarning shohidi bo‘lgan qashqadaryoliklar bilan ko‘p bora uchrashib suhbatlashgan», deyiladi xabarda.