Islomda millat ajratish johillik sanaladi

Shukrlar bo‘lsinki, bugun yurtimizdagi 34 milliondan ziyod xalqimiz tinchlik, osoyishtalikda hayot kechirmoqda. Albatta, buning asosiy negizi millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglikka borib tutashadi.
130 dan ziyod millat va elat vakillari ahil inoqlikda, shu yurtning ertasi uchun kamarbasta bo‘lib yashayotganligi har birimizning ko‘zimizni quvnatmoqda.
Shunday ekan, yurtning ertasi, farzandlarimizning iqbolini o‘ylagan har bir shaxs doimo ogoh va hushyor turishligi ham muhim. Dunyo sahnida insoniyat bino bo‘libdiki, uning hayoti doimo bir tekisda kechmaydi. Balki turli qarama-qarshilik, ziddiyatlardan iboratdir. Bugun ko‘pgina jamiyatlar uchun asosiy xavf-xatar milliy va diniy nizoning paydo qilinishidir.
Muqaddas dinimizda millat ajratish johillik deb qaraladi. Islom tarixiga nazar tashlasak, payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning atrofidagi sahobalarining ichida ham turli millatga mansub kishilar bo‘lganligi, u zot doimo boshqa e’tiqod vakillari bo‘lmish yahudiy, nasroniy xatto bud sanamlarga sig‘inadigan qatlam bilan ham kengashib yashaganliklari ma’lum va mashhurdir.
Chunki Alloh taolo qur’oni karimda shunday xitob qilgan: “Ey insonlar! Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Diqqat bilan e’tibor bersak ushbu muborak oyati karimada Alloh taolo butun boshli insoniyatga xitob o‘laroq, ularning barchasining ota-onasi bir ekanligini eslatish bilan boshlamoqda. Bunda insonlarning turli e’tiqod va millatdan iborat bo‘lib yashashliklari ilohiy taqsimot bo‘lib, aslo urush janjal chiqarish uchun emasligi bayon etilmoqda.
Darhaqiqat, ayrim tushunchasi tor kishilar fikrlaganidek hamma bir xil e’tiqod, bir xil qiyofa, bir xil so‘zlashuvda yashaganda insoniyat hayotida mazmun qolmas edi.
Bugungi kunda yer yuzining sayqali bo‘lib chiroy ochib turgan Samarqand zaminiga musumon qo‘mondon Qutayba ibn Muslim noan’anaviy uslubda kirib kelgach, Samarqand ahli o‘sha davrdagi musulmonlarning peshvosi bo‘lmish Damashqdagi Umar ibn Abdulazizning huzuriga adolat istab chopar yuborishadi. Vaziyatni sinchkovlik bilan o‘rgangan Umar ibn Abdulaziz chopardan Qutayba ibn Muslim uchun uch kun ichida Samarqandni tark etishi lozimligi to‘g‘risidagi maktubni berib yuboradilar. Qutayba ibn Muslim esa maktubni ochib ko‘rishi bilanoq aybiga iqror bo‘lib shaharni tark etadi. Avval boshda ko‘zlariga yovuz dushman sifatida ko‘rinib, qalblarida qo‘rquv paydo bo‘lgan Samarqand ahli islomning bu vakillarini yaxshi ko‘ra boshlaydi. Chunki ular hayotlari davomida bu kabi samimiy, mehribon, kamtarin, xushmuomala eng asosiysi adolatli kishilarni ko‘rmagan edi. Endi esa Samarqand ahli o‘z ixtiyori bilan Islom dinini to‘p to‘p bo‘lib qabul qila boshladi. Biz islomiy bag‘rikenglikka oid bu kabi ko‘plab jonli misollarni keltirishimiz mumkin.
Eng asosiysi, bugun xalqimizga, yosh avlodga ma’rifat keng tarqatish har birimizning muhim burchimizdir.
O‘tkir Umirqulov,
Samarqand shahar «Lohutiy» jome masjidi imom-xatibi.