Isroil va HAMAS yakuniy kelishuvga yaqin. Germaniya mudofaa xarajatlarini oshirishdan bosh tortmoqda. Ukraina Rossiyaga eng yirik hujumni amalga oshirdi
🔹 G‘arb OAVlari xabar berishicha, shu kunlari vositachilar – Qatar va AQSh orqali olib borilayotgan Isroil va HAMAS muzokaralarida oldinga siljish bor. Qatar Isroil va HAMAS vakillariga o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi loyihasining “yakuniy variantini” topshirgan. Muzokarachilar Trampning inauguratsiyasiga qadar kelishuvga erishmoqchi.
🔹 "Moskva Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilishga tayyor”, dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov. "Ammo masalani hal qilish uchun Yevroosiyo formatida kattaroq masalalarni kelishib olish zarur". Donald Tramp Ukraina inqirozini hal qilish uchun imkon qadar tezroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashmoqchi.
🔹 AQSh Kongressidagi respublikachilar AQShning saylangan prezidenti Donald Trampga prezidentlikka kirishganidan so‘ng darhol Grenlandiyani sotib olish bo‘yicha muzokaralarni boshlash imkonini beruvchi qonun loyihasini tayyorladi.
🔹 Germaniya kansleri Olaf Shols saylovoldi tashviqotining birinchi mitingida Trampning harbiy xarajatlarni oshirish haqidagi chaqirig‘iga qarshi chiqdi. Tramp Yevropaning NATO a’zolaridan mudofaa xarajatlarini besh foizga oshirishni talab qilgan edi. Shols NATOning kamida ikki foizlik hozirgi mo‘ljaliga sodiq qoladi. 23 fevral kuni Germaniyada Bundestagga muddatidan oldin saylovlar bo‘lib o‘tadi.
🔹 Qozog‘iston Milliy banki valyuta ayirboshlash shoxobchalarida naqd dollar va yevroni sotib olish va sotish kursi o‘rtasidagi farqni cheklaydi. Yangi cheklovlar naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladigan birja operatsiyalariga ta’sir qilmaydi.
🔹 Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning sobiq safdoshi, deputat Ovik Agazaryan hukumat rahbari yaqin oylarda iste’foga chiqishi mumkinligi, bu esa muddatidan oldin parlament saylovlariga olib kelishini aytdi. Ehtimoliy saylovlar muhokamasi chog‘ida Agazaryan o‘zining siyosiy partiyasini tashkil etishini e’lon qilib, mamlakatda hokimiyat uchun kurashishga tayyorligini ma’lum qilgan.
🔹 Jo Bayden AQSh prezidenti sifatida o‘zining tashqi siyosatidagi faoliyatini sarhisob qilmoqda. AQShning 46-prezidenti o‘z ma’muriyatining sa’y-harakatlari tufayli mamlakat jahon iqtisodiy yetakchiligini saqlab qolgani, Xitoy esa iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha hech qachon AQShdan o‘zib ketmasligini aytdi.
🔹 Shimoliy Koreya Yaponiya dengizi tomon noma’lum raketa uchirdi.
🔹 Kecha tunda Ukraina turli dronlar yordamida Rossiyaning bir qancha hududlariga eng yirik hujum uyushtirdi. Rossiya matbuotiga ko‘ra, 14 yanvarga o‘tar kechasi Rossiya hududi uzra 200 dan ortiq dron va beshta ATACMS ballistik raketasi urib tushirilgan.
🔹 AQShdagi o‘rmon yong‘inlari natijasida yetkazilgan iqtisodiy zarar 250 milliard dollardan oshgan.