Isroillik ko‘ngilli shifokorlar bemorlarni bepul davolamoqda
Viloyat oftalmologiya markazi (ko‘z kasalliklari shifoxonasi)da Isroil davlatining “Eye from Zion” ko‘ngilli ijtimoiy tashkilotining bir guruh yetakchi ko‘z kasalliklari bo‘yicha mutaxassislari viloyatimiz aholisi uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etishdi.
O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirlarda 60 nafardan ziyod bemorlarning ko‘z kasalliklari bo‘yicha tibbiy ko‘riklari tashkil etilib, o‘nga yaqin murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi.
Ijtimoiy tashkilotlarning ko‘ngilli mutaxassislari safida turli davlatlarda bo‘lib aholiga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatib kelamiz, - deydi Sheba klinikasining oftalmoonkologiya va autoimmunologik kasalliklar markazi direktori Viktoriya Dai Veshnevskaya. – Bu safar okuloplastika, oftalmoonkologiya, glaukoma, katarakta kabi murakkab ko‘z kasalliklari bo‘yicha Isroilning eng tajribali shifokorlari kelishdi. Ikki kun ichida tibbiy ko‘rik va jarrohlik amaliyotlari o‘tkazib, mahalliy mutaxassislar uchun mahorat darslari o‘tishni ham rejalashtirganmiz.
- Ikki oy ilgari to‘satdan ko‘zlarim qizarib, bittasi ko‘rmay qoldi, - deydi Past Darg‘om tumani Qo‘yi Darg‘om mahallasida istiqomat qiluvchi Eshtemir Berdiyev. – Bir necha bor shifokorlarga ko‘rsatdim, dori-darmon qilishdi, ammo, natijani sezmadim. Isroildan ko‘z kasalliklar bo‘yicha yetuk mutaxassislar kelayotganini eshitib, ular qabuliga yozildim. Professor Yeytan Bulumental jahonning eng tajribali shifokorlaridan ekan, sinchiklab ko‘rikdan o‘tkazib, zarur dori-darmonlar bilan muolaja qilishimni tavsiya qildi. Muhimi, tez kunda yana ko‘rajagimni aytganida juda mamnun bo‘ldim.
Xorijlik shifokorlar bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazib, o‘z tibbiy maslahat va tavsiyalarini berishdi. Shuningdek, ular shahar va tumanlar tibbiyot birlashmalarining ko‘z kasalliklari bo‘yicha mutaxassislari hamda Samarqand davlat tibbiyot institutining bo‘lajak ko‘z shifokorlari uchun mahorat saboqlarini o‘tashdi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.