Samarqandda tez orada xorijdagidek murakkab ko‘z operatsiyalari amalga oshiriladi

Viloyat oftalmologiya markazi (ko‘z kasalliklari shifoxonasi)da  S.Fyodorov nomidagi "Ko‘z mikroxirurgiyasi" tarmoqlararo ilmiy-texnika majmuasi katarakta bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi, vrach-oftalmolog Dmitriy Parakonniy viloyatimizdagi tibbiyot markazlarining ko‘z kasalliklari shifokorlari uchun mahorat darslari o‘tmoqda.

Taniqli mutaxassis mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi "Shyolkovo Agroxim-Uzbekistan" Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi taklifiga binoan bir haftadan buyon mamlakatimizning Buxoro, Xiva hamda Samarqand shaharlarida bo‘lib, mahalliy mutaxassislarga ko‘z kasalliklari, xususan, kataraktani davolash, uni o‘z vaqtida aniqlab, jarrohlik amaliyoti o‘tkazish usullari haqida ma’lumot berdi.

-Yaqinda murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun so‘nggi rusumdagi tibbiy apparatlar olib keldik, - deydi shifoxona bosh vrachi Saida Mirrahimova. - Ammo mutaxassislarimiz yetarlicha tajribali emas. Bir nechta yosh shifokorlarga zamonaviy asbob-uskunalardan foydalanishni o‘rgatyapmiz. Tez orada xorijdagidek murakkab operatsiyalarni amalga oshirishni boshlaymiz. Vrach-oftalmolog Dmitriy Parakonniy tajribasi shifokorlarimizga juda asqotadi.