Xalqaro konferensiya oldidan kattaqo‘rg‘onlik jarrohlar uchun xorijlik professorlardan mahorat darslari o‘tkazildi
Samarqandda ertaga, 21 may kuni o‘tkazilishi kutilayotgan «Shoshilinch tez tibbiy yordamning dolzarb muammolari: shoshilinch tibbiy yordamda minimal invaziv texnologiyalarning o‘rni va ahamiyati» mavzuidagi XVI xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida respublika hamda ozarbayjonlik bir guruh shifokorlar Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘lishdi.
Ta’kidlash kerakki, Prezidentimiz tashrifidan so‘ng Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga bahosi 600 ming AQSh dollari bo‘lgan laparoskopiya apparati berildi. Endilikda nafaqat kattaqo‘rg‘onliklar, balki shu atrof hududdagi tumanlar aholisi ham viloyat markaziga borishiga hojat yo‘q. Shu yerning o‘zida laparoskopiya usulidagi operatsiya amalga oshirilishi mumkin.
Xorij hamda respublikadan tashrif buyurgan mutaxassislar Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasida jarrohlik bo‘limida davolanayotgan bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazishdi. Ularning davolanish jarayonlari, operatsiyadan keyingi holati bo‘yicha xorijlik mutaxassislar o‘z fikr, takliflarini bildirishdi.
- Tizimda har yili 220 mingdan ziyod statsionar jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, shundan 50 foizdan ortig‘i yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar yordamida amalga oshirilgan, - deydi respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi rahbari o‘rinbosari Shuhrat Otajonov. – Markazimiz hamda uning filiallari har yili ishemik va gamorragik qon aylanishining o‘tkir kasalliklari, qorin va ko‘krak bo‘shlig‘i sohasidagi patologiyalar uchun zamonaviy minimal invaziv aralashuvlarini amalga oshiradi. Markazda Markaziy Osiyoda birinchi marta zamonaviy texnologiyalar yordamida shu paytgacha amalga oshirilmagan murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda. Bu masalada markaz mutaxassislari Rossiya, Finlandiya, Turkiya, Yaponiya va Ruminiya kabi davlat muassasalarida o‘qitildi, xorijlik klinikalar bilan hamkorlik kengaytirilmoqda, konferensiya va mahorat darslari o‘tkazilayotir.
Tashrif davomida ozarbayjonlik shifokorlar tomonidan laparoskopiya yordamida bir nechta bemorlarda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, kattaqo‘rg‘onlik jarrohlarga mahorat darslari o‘tkazildi.
- Poytaxt, ya’ni mamlakat markazidan bir necha yuz kilometr uzoqlikdagi chekka hududda bu kabi yuksak texnologiyali asbobning mavjudligi O‘zbekistonda tibbiyotga alohida e’tibor, aholiga ulkan g‘amxo‘rlik namunasi, deb bilaman, - deydi Boku milliy jarrohlik markazi rahbari, professor Gurbonxon Muslyumov. – Butun dunyo tajribasidan ma’lumki, shoshilinch tez tibbiy yordam tizimida yuqori texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish murakkab masala. Bemor turli darajadagi og‘riq, jarohatlar bilan kelgach, unga shoshilinch yordam ko‘rsatilishi lozim. Bunday vaziyatda bemorga yuqori texnologiyali uskunalarda yordam ko‘rsatish shifokordan tajriba, mahorat ham talab etadi.
Bugun O‘zbekistonda ushbu amaliyot tatbiq etila boshlangan. Buning uchun sharoitlar ham, shifokorlarning tajribasi ham yetarli ekanligiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Qolaversa, bir paytlar yevropaliklar Abu Ali ibn Sinodan meditsinani o‘rganish uchun kelgan yurtda bu tajribani tiklash uchun barcha imkon mavjud, deb o‘ylayman.
Shuningdek, ushbu mutaxassislar respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialida ham laparoskopiya yordamida murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazishdi.
Ertaga o‘tkazilishi kutilayotgan xalqaro konferensiyada, shuningdek, Rossiya, Ukraina, Koreya, Ozarbayjon respublikalaridan sohaning yetakchi mutaxassislari ishtiroki kutilmoqda.
Gulruh Mo‘minova.