Oftalmologiya: zamonaviy uskunalar soni 2, jarrohliklar 1,3 baravarga ko‘paydi
Samarqandda oftalmologlarning uchinchi Xalqaro Kongressi o‘tkazildi.
Anjumanda Amerika, Yevropa, Afrika, Osiyo davlatlaridan 1500 nafardan ziyod oftalmolog ishtirok etdi. Mamlakatimizdan 500 dan ziyod oftalmologlar qatnashgan anjumanda oftalmologiyaning deyarli barcha yo‘nalishdagi dolzarb muammolari, keng tarqalgan ko‘z kasalliklari diagnostikasi va davolash usullari bo‘yicha ma’ruzalar o‘qildi. Kongressda respublikamizning yosh oftalmolog olimlarini o‘z ma’ruzalari bilan chiqishi uchun alohida seksiya tashkil etilgani bu sohada yoshlarning istiqbolli loyihalari mavjudligini anglatadi.
Anjuman avvalida ishtirokchilarga O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatovning videomurojaat shaklidagi tabrigi namoyish etildi. Sohaga yurtimizda qaratilayotgan e’tibor, erishilayotgan yutuq hamda mavjud muammolar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Hozirgi vaqtda Prezidentimiz va hukumat tomonidan mamlakatimiz hayotida tibbiyotga, xususan, oftalmologiya yo‘nalishiga katta e’tibor berilayotgani shak-shubhasiz. Oftalmologiya markazi 2018-2023 yillarda 150 ta yuqori texnologik tibbiy uskunalar bilan ta’minlandi. Bugungi kunda markazda 230 ta, 45 mlrd. so‘mga yaqin qiymatli tibbiy asbob-uskunalar mavjud.
- Markaz oftalmologiya sohasi bo‘yicha Respublika aholisiga ixtisoslashgan tibbiy yordamni tashkil etishning muvofiqlashtiruvchi va uslubiy markazi hisoblanadi, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbari Azamat Yusupov. - Markazda ko‘z kasalliklari bo‘yicha nogironlikning asosiy sabablari bo‘lgan glaukoma, keksalik makulodistrofiyasi, diabetik retinopatiya, to‘r parda ko‘chishi kabi og‘ir va murakkab ko‘z kasalliklar profilaktikasi va erta aniqlash endilikda muammo emas. Ammo bu texnologiyalarni viloyat, tuman, shahar kesimida ta’minlanishiga erishmasak va kadrlar salohiyatini ko‘tarmasak bemorlarni to‘laqonli zamonaviy diagnostika va davolash standartlari asosida tekshirish va davolash imkoni bo‘lmaydi.
Respublikada jami 49 turdagi oftalmologik kasalliklarni davolash bo‘yicha 172 turda tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Markazda jarrohlik faolligi 99,2 foizni tashkil etadi. O‘tgan davr mobaynida markazning Xorazm, Termiz, Namangan filiallarida fakoemulsifikatsiya, lazer jarrohliklari davolash usullari, optik kogerent tomografiya, ultratovushli biomikroskopiya diagnostika usullari keng joriy qilindi. Shuningdek, Samarqand, Qoraqalpog‘iston, Qarshi, Buxoro va Farg‘ona filiallarida ham fakoemulsifikatsiya, lazer jarrohliklari davolash usullari, optik kogerent tomografiya diagnostika usuli, fakoemulsifikatsiya, vitreoretinal, lazer jarrohliklari davolash usullari joriy etildi.
Alohida ta’kidlash o‘rinliki, markaz kasallangan shoh pardani tiniq donor shoh pardaga almashtirish jarrohlik amaliyoti amalga oshiradigan yagona ko‘z klinikasidir. Donor AQShning Florida shtati, Tampa shahridagi “Lions Eye Institute for Transplant and Research” nomli ko‘z bankidan keltiriladi. Har yili 40 ga yaqin og‘ir shoh parda kasalliklarida uni ko‘chirib o‘tkazish jarrohlik amaliyoti bajariladi. Bu texnologiyalarni tadbiq etishdan avval bunday bemorlar ko‘rlikka, nogironlikka mubtalo bo‘lar yoki katta mablag‘ sarflab uzoq xorijga borib davolanishga majbur bo‘lar edi. Glaukoma kasalligi bo‘yicha markazda yiliga 700 ga yaqin glaukomaga qarshi jarrohlik amaliyoti zamonaviy texnologiyalar asosida bajarilib, uning 40-45 foiz lazer usullari bilan bajariladi.
Respublikada oftalmologik muassasalarda 2018 yilda jami 227 ta yuqori texnologik uskunalar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda 471 tani tashkil etdi, ya’ni 2 barobarga ko‘paydi.
Respublikada yuqori texnologik davolash usullari, jarrohlik amaliyotlari 2018 yilda 70366 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda 98961 tani tashkil etdi, ya’ni 1,3 barobarga ko‘paydi.
Anjuman davomida xorijdan tashrif buyurgan olimlar, mashhur amaliyotchi shifokorlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, sohaning nozikliklari bo‘yicha yangi ilmiy qarashlarini bayon etdilar.
Gulruh MO‘MINOVA.