Ko‘z kasalliklarini vaqtida davolamaslik og‘ir oqibatlarga olib keladi

Ko‘z inson uchun eng bebaho ne’mat, eng muhim tana a’zosi hisoblanadi. Axborotning to‘qson foizi ko‘z orqali qabul qilinadi. Ko‘z kasalliklarini davosi hamda ushbu kasalliklarni barvaqt aniqlash, oldini olish masalalari haqida SSV Matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘limi mudiri, oliy toifali shifokor Dilshod ABDINAZAROV bilan suhbatlashdi.  

— Ko‘z kasalliklari kelib chiqishi nasliy bo‘lishi ham mumkin. Naslga, yoshga, jinsga bog‘liq bo‘lmaganlari ham mavjud. Jahon tibbiyotida refraksiya anomaliyalari, (uzoq yoki yaqinni yaxshi ko‘rmaslik — miopiya, gipermetropiya, astigmatizm), turli ko‘z jarohatlari, katarakta, glaukoma, presbiopiya (keksaygan sari ko‘rishning pasayib borishi) kabi kasalliklar ko‘p uchramoqda.

Qolaversa,  ekologik muvozanatning buzilishi, oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida turli kimyoviy qo‘shimchalarning ulushi tobora ortib borishi, nosog‘lom turmush tarzi ko‘z kasalliklari ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

Kompyuter qarshisida uzoq muddat o‘tirish, bolalikdan gadjetlarga mehr qo‘yish, televizorni yaqindan tomosha qilish kabi odatlar ko‘z kasalliklarining yosharib borishiga xizmat qiladi.  

Ayniqsa, glaukoma nogironlikka olib keluvchi og‘ir, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘z kasalligi hisoblanadi. 

Faqat o‘z vaqtida aniqlab, to‘g‘ri davolangan holda ko‘zi ojizlikning oldini olish mumkin. Allergik va virusli kon’yunktivit, kompyuter sindromi kabi  kasalliklarning kelib chiqishiga gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, dori vositalarini shifokor maslahatisiz uy sharoitida qabul qilish hamda o‘z vaqtida shifokorga murojaat etmaslik sabab bo‘lmoqda. Masofaviy ish ko‘payishi natijasida kompyuterda uzoq vaqt ishlash ham ko‘rish qobiliyatiga zarar yetkazadi. Ko‘rish o‘tkirligi ancha pasayganda murojaat etilganda ko‘rish nervi qaytarib bo‘lmas o‘zgarishlarga uchrashi ehtimoli yuqori bo‘ladi.

— Bu kasalliklarning oldini olish mumkinmi?

— Bunday kasalliklarning oldini olish uchun ratsional ovqatlanish, jismoniy faollik, tozalik, ekologik muhit musaffoligi, kun tartibini to‘g‘ri tashkil etish, o‘z vaqtida hordiq chiqarish juda muhim. Naslida ko‘z kasalliklari mavjud bo‘lgan insonlar 35-40 yoshdan so‘ng yiliga 2 marotaba ko‘zlarini tekshirtirib turishi kerak. Shundagina kasalliklar erta aniqlanadi va ularni samarali davolash mumkin bo‘ladi.

— Hududlarda bu yo‘nalishda tashxis va davo choralarini olib borish qanday tashkil qilingan?

— Dunyo tibbiyoti oftalmologiya va ko‘z mikroxirurgiyasi yo‘nalishida ham ulkan yutuqlarga erishdi. Poytaxtimizda, viloyatlar markazlari va tumanlarda faoliyat yuritayotgan oltmishga yaqin tibbiyot muassasalari hamda besh yuz ellikdan ko‘proq tibbiyot xonalarida bu yo‘nalishda aholiga yuksak texnologiyalar vositasida tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazining   maslahat-tashxis poliklinikasida kuniga bir yuz ellikka yaqin qatnov qayd etiladi. Eng ilg‘or diagnostika va davolash vositalari bilan jihozlangan klinikada yiliga olti ming nafardan ko‘proq bemorda noyob jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi.

Izlanishlar natijasida kataraktani davolashning oltin standarti deb nom olgan zamonaviy usullari, shoh pardani ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti, glaukoma, miopiya kasalliklari, qandli diabetning og‘ir asorati — diabetik retinopatiya kabi xastaliklarda lazer texnologiyalari vositasida tig‘siz jarrohlik amaliyotlari joriy etilgani bemorlarga yorug‘ dunyoni qayta ko‘rish imkoniyatini yaratmoqda.

Tibbiyot ilmining bunday yangiliklarini hududiy tibbiyot muassasalarida ham tatbiq etish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida oftalmologlarning malakasini oshirish uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilgan. Bundan tashqari, olimlarimiz va shifokorlar reja asosida chekka hududlarga borib, aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi, joylarda jarrohlik amaliyotlari olib boriladi, mahorat darslari uyushtiriladi.  

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.