Issiqxona summasidan mol-mulk solig‘i to‘lanadimi?
- Korxonamiz chetdan yengil konstruksiyali zamonaviy issiqxona olib kelib, bojxonadan rasmiylashtirgan holda belgilangan tartibda o‘rnatdi va faoliyatini boshladi. Issiqxona summasidan mol-mulk solig‘ini to‘laymizmi?
To‘xta Jamolov.
- Soliq kodeksining 410-moddasi birinchi qismi, 1-bandida O‘zbekiston Respublikasi hududida ushbu kodeksning 411-moddasiga muvofiq soliq solish ob’yekti hisoblanuvchi mol-mulkka ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning soliq to‘lovchilari deb e’tirof etilgan.
Shuningdek, mazkur kodeksning 414-moddasi birinchi qismi, 2-bandida soliq hisoblab chiqarilayotganda soliq bazasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlash uchun, shuningdek, ipak qurti yetishtirish uchun foydalaniladigan qishloq xo‘jaligi korxonalari balansida bo‘lgan mol-mulkning o‘rtacha yillik qoldiq qiymati (o‘rtacha yillik qiymati)ga kamaytirilishi belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, murojaatda qayd etilgan holat bo‘yicha Soliq kodeksining 414-moddasi ikkinchi qismiga asosan yengil konstruksiyali zamonaviy issiqxonaning qoldiq qiymati mol-mulk solig‘i hisoblashda umumiy mol-mulk qiymatini kamaytirish tarzidagi soliq imtiyozidan foydalanish huquqi vujudga keladi.
Savolga viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimi Valisher Temirov javob berdi.