Issiqxonalar shaharchasiga aylanayotgan qishloq

Ijodiy jamoamiz bilan Nurobod tumanining Olg‘a va Ko‘ktosh, Qo‘shrabotning Qo‘rg‘on, Past Darg‘omning Gumbaz qishloqlari haqida saytimiz va gazetamiz sahifalari orqali lavha hamda reportajlar tayyorlaganimizdan keyin boshqa tumanlardan ham “Qishlog‘imizga bir kelib keting”, deya taklif qiluvchilar ko‘paydi.
Bir kuni Navoiy viloyatida yashovchi tadbirkor ayol Mahfuza Qayumova tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib, Paxtachi tumanining eng chekka hududida joylashgan Burqut mahallasidagi o‘zgarishlarni ham yoritishimizni iltimos qildi.
Qishloqqa qut-baraka yog‘ilmoqda
Bundan 3 yil avval viloyat hokimligi tomonidan ishchi guruhlar tashkil qilinib, chekka hududlardagi ahvol uyma-uy o‘rganilgan edi. O‘sha paytda Paxtachi tumanining Burqut mahallasida bo‘lgan guruhda biz ham bor edik. Hududda ahvol achinarli edi. Bu gal mahallaga borib, avvalgi holat bilan bugungisi o‘rtasida yer bilan osmoncha farq borligini ko‘rib lol bo‘ldik.
Mahalla raisi Hamdam Hasanovning aytishicha, o‘sha ishchi guruhning bir haftalik o‘rganishidan so‘ng hududda “Obod qishloq” dasturi asosida qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilibdi. Ta’lim va tibbiyot muassasalari qayta ta’mirlanib, mahalla binosi bunyod etilgan. Zamonaviy savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari qad rostlagan. Turar-joyga muhtoj oilalar uchun yangi namunaviy loyiha asosida uylar qurib berilgan. Ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash uchun ham ko‘p ishlar amalga oshirilyapti. Bir so‘z bilan aytganda, keyingi ikki yilda Burqutga fayz-baraka kirib kelibdi.
Ming bor eshitgandan ko‘ra...
Oqsoqol bizni yangilangan mahallani ko‘zdan kechirishga taklif qildi. Haqiqatan ham maqtasa arzigulik ishlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘ldik. Uch yil avvalgi ahvol ko‘z oldimda gavdalandi. O‘nqir-cho‘nqir, kechalari qorong‘i ko‘chalar. Bugun bu yo‘llarga asfalt yotqizilgan, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Mahalla markazi Burqutdan chiqib ikkinchi qishloq Yangiobodga kirib bordik.
- Hali bu qishloqning yo‘llari ham ravonlashadi, - dedi Hamdam aka operatorimizning hozircha e’tibordan chetda turgan yo‘llarni suratga olayotganini ko‘rib. – Sababi, Yangiobodda 300 gektarlik issiqxonalar majmuasi barpo etilishi belgilangan. Bu ishlar boshlanib ketdi, 10 gektar joyda zamonaviy issiqxonalar qurilishi yakuniga yetyapti.
1 gektarlik issiqxona – 20 ta yangi ish o‘rni
Ha, Yangiobodning yangicha qiyofasi issiqxonalar bilan ekan. Ikki yil avval sahroday keng, qup-quruq maydonda e’tiborli ishlar amalga oshirilibdi.
– Bizga ham shu hududdan 1 gektar yer maydoni ajratildi, - deydi “Ali Narpay” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshqaruvchisi Faxriddin Omonov. – Issiqxona qurilishi yakuniga yetib qoldi. Yerni ekin ekishga tayyorlayapmiz. Bu yerga ming tupdan ziyod limon ko‘chatlarini o‘tqazamiz. Ular hosilga kirguncha nihollar orasida poliz va sabzavot mahsulotlari ekamiz. 20 nafar ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlanadi.
Mahallada 158 nafar yosh ishsizlar ro‘yxatida
Maxsus ishchi guruh tomonidan “Yoshlar daftari” shakllantirilganda mahallada 158 nafar yigit-qizning ishsiz ekanligi qayd etildi. Qurilayotgan 10 ta issiqxonada 200 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilayotganini hisobga olsak, bu hududda ishsiz yoshlar qolmaydi. Qolaversa, qo‘shni mahallalardagi band bo‘lmagan yoshlarni ham ishga taklif qilish mumkin.
- Ishsiz edim, - deydi mahalla yoshlaridan biri Farhod Qalandarov. – Qishlog‘imizdagi bu issiqxonalar men kabi yoshlarning muammosiga yechim bo‘ldi. Hozircha qurilishda ishlayapmiz. Bu ishlar yakunlangach, issiqxonada dehqonchilik bilan shug‘ullanamiz.
Hududni issiqxonalar shaharchasiga aylantiramiz
Bunyod etilayotgan issiqxonalarni ko‘zdan kechirayotganimizda ko‘rinishidan rahbar opalarga o‘xshaydigan bir ayol kelib, qadrdonlardek hol-ahvol so‘radi. U bizni shu qishloqqa taklif qilgan tadbirkor Mahfuza Qayumova ekan.
- O‘zim shu mahallada tug‘ilib o‘sganman, - dedi u. – Navoiy viloyatining Karmana shaharchasiga turmushga chiqib, ko‘p yillardan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelaman. Qishlog‘imizda yangi loyiha amalga oshirilayotganini eshitib, men ham bu xayrli ishga hissa qo‘shish maqsadida 2 gektar yer oldim. Artezian quduq qazib, suv chiqardik. Lekin suvni tejash uchun ekinlarni tomchilatib sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yamiz. Bahorda bu joylar yashnab ketadi. Bolaligimizda mol boqib yurgan bu qarovsiz yerda issiqxonalar shaharchasini bunyod etishni rejalashtirganmiz.
Kredit rasmiylashtirish uchun bankka bormadik
Har bir gektar yer maydonida issiqxona qurish uchun 1 milliard 100 million so‘mdan kredit mablag‘lari ajratilyapti. Zarur bo‘lgan limon ko‘chatlari, sabzavot va poliz mahsulotlari urug‘lari Dehqon, fermer xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari Kengashi tuman bo‘limi tomonidan yetkazib berilmoqda.
- Kredit olishimiz uchun ham katta qulaylik yaratildi, - deydi tadbirkor M.Qayumova. – 200 kilometr masofa bosib, Samarqand shahriga borib sarson bo‘lmadik. “Turonbank” viloyat filiali xodimlari o‘zlari shu qishloqqa kelib, hujjatlarni rasmiylashtirishdi.
Tumanda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar 32 317 nafarni tashkil etadi. Ular orasida 6 443 nafar yoshni ishsizlik muammosi qiynab kelmoqda. Ayni kunlarda shu masalaga yechim topish maqsadida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Issiqxonalar barpo etilishi ham shu maqsadga qaratilgan. Yil yakunigacha tumanda 89 gektar maydonda ana shunday issiqxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Ha, aytgancha, hurmatli saytimiz o‘quvchilari, “Bir kelib keting qishlog‘imizga” rukni ostidagi navbatdagi ko‘rsatuvimizni aynan sizning mahallangizdan tayyorlashimiz mumkin. Hududingizda e’tiborga molik o‘zgarishlar bo‘lsa bizga xabar bering. Muammolar bo‘lsa ham murojaat qilavering. Biz, albatta, bir borib kelamiz qishlog‘ingizga!
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.