“IT kasblarni egallash yoshlar o‘rtasida trendga aylandi” — Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Astrum” akademiyasida IT sohasi vakillari bilan muloqot qildi.
“Bugun yangi IT akademiyasiga biz uchun ahamiyati nihoyatda yuqori bo‘lgan IT sohasidagi yetuk mutaxassislar va yoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazish uchun keldim.
Biz bugun birgalikda yechimlarini topadigan masalalar butun O‘zbekiston yoshlarining IT sohasidagi intilishlariga katta turtki va motivatsiya berishiga ishonaman”, dedi davlatimiz rahbari.
Dunyoda IT xizmatlari shiddat bilan rivojlanmoqda. Jahonda bu sohaning o‘sish sur’atlari yiliga 10 foizni tashkil etib, joriy yilda 4,3 trillion dollarga yetadi.
“Biz ushbu bozorda mustahkam o‘rin egallash borasida katta islohotlarni boshladik. Sohaga so‘nggi besh yilda 2 milliard dollar, shundan 700 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirildi”.
Prezident mavzuni davom ettirib, bugungi kunda IT-parklarda 14 ming nafar yoshlar yuqori daromadli ish joylari bilan ta’minlanganiga e’tibor qaratdi. Aytilishicha, o‘zini o‘zi band qilgan IT mutaxassislari soni yil boshidan 2,5 barobarga o‘sib, 43 mingga yetgan.
“Joriy yilning o‘zida mamlakatimizda 134 ta yangi, jumladan 50 ta xorijiy IT kompaniyalari tashkil etildi, eksportchi korxonalar soni esa 2 baravarga oshgan. IT xizmatlari hajmi va eksporti bir necha barobarga o‘sdi. Eng asosiysi, IT kasblarni egallash yoshlar o‘rtasida trendga aylandi".
Uchrashuv chog‘ida Prezidentimiz e’tiborni kuchaytirib, yoshlarimizga ozgina sharoit yaratib berilsa, bu sohani yanada yuqoriroq pog‘onalarga olib chiqish mumkinligiga ishonch bildirdi.
“Bugungi muloqotimizni o‘tkazish uchun "Astrum" akademiyasini bejizga tanlamadim.
Bu yerda yuzlab yoshlar eng zamonaviy dasturlash ko‘nikmalarini egallayotgani, ayniqsa, o‘qish davomidayoq daromad topayotgani quvonarli albatta.
Boshqa hududlarda ham bunday IT akademiyalar tashkil qilish istagida bo‘lganlarning tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz, barcha masalalarini hal qilib beramiz”, dedi davlatimiz rahbari.
Viloyat hokimlariga bir oy muddatda bu yerga kelib, barcha sharoit va imkoniyatlarni ko‘zi bilan ko‘rib, o‘z hududida kamida 1 tadan shunday IT akademiya tashkil etish loyihasini boshlashga topshiriq berildi.